Dunyo va o‘zbek sportiga oid 7-iyul kunining muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.
Yevropa chempionatining dastlabki finalchisi nomi ma’lum bo‘ldi. Italiya terma jamoasi penaltilar seriyasida Ispaniyani mag‘lub etib, dastlabki finalchiga aylandi. Roberto Manchini shogirdlari finalda Angliya — Daniya uchrashuvi g‘olibi bilan o‘ynaydi.
Italiya yirik musobaqalar finaliga 10-marta yo‘l oldi. Faqat Germaniya (14) ulardan ko‘proq finalga chiqqan. Yevropa chempionati finalida esa jamoa 4 marta o‘ynagan va bir bor g‘alaba qozongan. Bu Manchini uchun ilk final bo‘ladi. U o‘yinchi sifatida ikki bor (Yevro—1988, Yevro—1990) yarim finalga qadar yetib borgan.
“Skuadra Adzurra” mag‘lubiyatsiz seriyasini 33 ta o‘yinga yetkazdi. Ispaniya terma jamoasi tomonidan 2007—2009-yillar o‘rnatilgan jahon rekordiga qadar 2 ta o‘yin qoldi. Shuningdek, Braziliya ham 1993—1996-yillarda ketma-ket 35 o‘yinda mag‘lub bo‘lmagan.
Bu Yevro—2020 Italiya uchun ikkinchi, Ispaniya uchun esa uchinchi qo‘shimcha bo‘limlarga qadar cho‘zilgan o‘yin bo‘ldi. Faqat Portugaliya 2016-yilda ispanlar bilan bir xil natija qayd eta olgan.
UEFA Daniya terma jamoasi yarim himoyachisi Kristian Eriksen va unga yordam ko‘rsatgan shifokorlarni Yevro—2020 finaliga taklif qildi. 1-tur o‘yinida Eriksenning yuragi to‘xtab qolgan va shifokorlar maydonning o‘zida uning hayotini saqlab qolgandi.
Kopa Amerika—2021 da finalchilar ma’lum. Yevro—2020 sabab soyada qolib ketayotgan Amerika Kubogining ikkinchi finalchisi ham aniqlandi. Argentina terma jamoasi penaltilar seriyasida Kolumbiyadan ustun kelib, hal qiluvchi bosqichga chiqdi. Finalda Argentina va Braziliya terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. O‘tgan galgi musobaqada ham ushbu terma jamoalar finalda o‘zaro to‘qnash kelgan va unda Braziliya g‘alaba qozongandi. Final Toshkent vaqti bilan 11-iyul tongi soat 05:00 da boshlanadi.
Transfer yangiliklari
“PSJ” Ashraf Hakimi transferini e’lon qildi. Tomonlar 2026-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Avvalroq parijliklar Hakimi uchun “Inter”ga 60 million yevro to‘lashi. Shuningdek, 11 million yevro bonus ham borligi xabar qilingandi. “PSJ” shuningdek, Janluiji Donnarumma va Serxio Ramos kabi yulduzlarni o‘z safiga qo‘shib olishi aniq bo‘lib ulgurgan.
“Barselona” Leo Messi bilan yangi shartnoma imzolash uchun maoshlar vedomostini 174 million yevroga qisqartirishiga to‘g‘ri keladi, deya xabar qilmoqda AS jurnalisti Xavi Migel. Jamoa Xunior Firpo, Konrad de la Fuenteni sotib yubordi, Fransishku Trinkauni ijaraga berdi va Mateus Fernandes bilan shartnomani bekor qildi. Shuningdek, “Barsa” Filippe Koutinyo, Antuan Grizmann kabi o‘yinchilarini transferga qo‘ygan. Ayrimlar bilan esa shartnomani bekor qilmoqchi. Shunday bo‘lsa-da, Messi bilan qonundan tashqariga chiqmagan holda kelishuv imzolash juda qiyinga o‘xshab ko‘rinmoqda.
“Barselona” Messining maoshiga ketadigan xarajatlarni bir necha yilga bo‘lib yuborishni istagan, biroq La Liga rahbari Xavyer Tebas bunga qarshi chiqqandi. Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Messining katalonlar bilan tuzgan to‘rt yillik shartnomasi tafsilotlari OAVda tarqalib ketgandi. Unga ko‘ra, Messi 2017—2021-yillarga mo‘ljallangan shartnomadan 555 million yevro daromad qilgani ma’lum bo‘lgandi.