Toshkent shahrida COVID-19 kasalligini davolash bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan xususiy klinikalarga koronavirus bemorlarini davolashga ruxsat beriladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatda, ayniqsa, Toshkent shahrida kunlik kasallanish holatlari soni yana ortib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1-iyul kuni O‘zbekistonda 495 kishida koronavirus aniqlandi. Shundan 99 nafari Toshkent shahrida qayd etilgan.
Kasallanganlar soni ortgani tufayli Toshkentda sport majmualaridagi kovid-markazlar qaytadan ochila boshlandi. 2-iyul kuni DXX tasarrufidagi “Yoshlik” sport majmuasida kovid-markaz qaytadan tashkil etildi.
Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari va boshqa mas’ullarga yana bir qancha kovid-markazlarni shu kunlarda ochish kerakligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 5-iyul, dushanba kuni “O‘zekspomarkaz”da koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilish markazi faoliyati ham qayta tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda xususiy klinikalarga COVID-19’ga chalingan bemorlarni davolashga 2020-yilning iyulida ruxsat berilgandi.
Izoh (0)