Bosh prokuratura tomonidan yer qonunchiligi sohasida samarali jamoatchilik nazoratini tashkil etish uchun maxsus Telegram-bot ishga tushirildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura axborot xizmati.
@YerNazoratBot xizmati orqali fuqarolar o‘zlari yashaydigan hududlarda qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi bo‘lmagan yerlardan foydalanishda qonun buzilishi holatlari to‘g‘risida tezkor xabar berishi mumkin.
Murojaat berishda foydalanuvchilar telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tishi va hududlarini ko‘rsatishi kerak.
Hozir uch turdagi huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berish mumkin: yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy qurilish hamda yerdan maqsadsiz va samarasiz foydalanish. Bosh prokuratura tomonidan belgilab qo‘yilishicha, ariza beruvchining shaxsi sir saqlanishi ta’minlanadi.
Bundan avval Qarshida hokimlik zaxirasida turgan bo‘sh yerni 70 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani, Samarqand va Qarshida yerni noqonuniy ravishda sotayotgan sobiq mansabdor va hokimlik vakili qo‘lga olingani hamda Jizzax va Buxoroda yerlarni noqonuniy ravishda sotish holatlari aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)