Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida gaz yo‘q tufayli bir guruh odamlar yo‘lni to‘sib qo‘ygani aytilgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Tuman hokimligi matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: Videodan kadr

Aniqlanishicha, hukumat qarori bilan gazdan ajratilgan mahallaga gaz ballonlari vaqtida yetkazilgan, faqat oqar suv muammosi ko‘tarilgan. “Tozabozor” mahallasining Oltinqum va Qo‘ng‘irot ko‘chasidan oqib o‘tadigan Qo‘ng‘irot kanalidagi suv chiqaradigan nasos buzilib qolgani uchun ekinlarni sug‘orish muammo bo‘layotganidan aholi mahalla raisiga murojaat qilgan.

“Tozabozor”da o‘rganishlar davomida ushbu holat yuzasidan MFY tomonidan ma’lumotnoma tuman hokimligiga taqdim etilgan. Qo‘ng‘irot kanalidagi suv nasosini ta’mirlash uchun SIU berkitilgan.

MFY aholisiga ichimlik suvi, suyultirilgan gaz vaqtida berilmoqda va oqar suvning to‘liq yetkazib berish choralari ko‘rilganini bildiramiz”, — deyiladi hokimlik xabarida.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonning Kegayli tumanida nafaqa pullarini olmagan fuqarolar yo‘lni to‘sib qo‘ygandi. Keyinchalik jami 218 fuqaroning umumiy 120 million 330 ming so‘m miqdoridagi ishsizlik nafaqasi to‘lab berildi. Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida esa aholi temiryo‘lni to‘sib qo‘ygandi. Bunga elektr ta’minotidagi cheklov sabab bo‘lgandi. Ularning muammosi ham hal qilib berilgan.