“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
14:48, 22.06.2021 34697

Gollivud yulduzlari Anjelina Joli va Bred Pittning chiroyli boshlanib, xunuk yakun topgan sevgi hikoyasi (foto)

Gollivudning eng ko‘zga ko‘ringan juftligining hayoti bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Foto: Cosmopolitan

Munosabatlarning boshlanishi

Bred Pittning Anjelina Joli bilan munosabatlari shov-shuvli ajrashishdan boshlangan. 2005-yilda Gollivud ikkiga ajralgan: yolg‘iz qolgan Jennifer Eniston va oila ajralishiga sababchi bo‘lgan Anjelina Joli tomon. Joli va Bred “Janob va xonim Smit” kriminal komediyasining suratga olish maydonchasida tanishgan. Aktyor Joliga oshiq bo‘lib qolgan, Eniston bilan turmushiga esa mojaro bilan nuqta qo‘ygan.

Foto: Cosmopolitan

Eniston birinchisi emas

Pitt bilan tanishguniga qadar Joli boshqa aktyorlar bilan ham uchrashib yurgan. 1999-yilda suratga olish maydonchasidagi hamkasbi Billi Bob Torntonning ham yuragidan urgan, oqibatda aktyor uch yildan buyon uylanishni va’da qilib, uchrashib yurgan qaylig‘i Lora Dernni tark etgan.

Foto: Cosmopolitan

Yangi davrning boshlanishi

Ishdagi ishq 10 yillik turmushga sabab bo‘lgan. Aktrisa katta o‘g‘li Meddoksni 2002-yil Kambodjada Bred bilan tanishishidan avval asrab olgan. 2005-yilda esa Efiopiyadan 6 oylik Zaharani boqib olgan. Bu vaqtda Joli Bred bilan uchrashishni boshlagan. Biroz vaqt o‘tib aktrisa boqib olingan farzandlarining familiyasini Joli-Pittga o‘zgartirgan. 2006-yilda juftlikning ilk biologik farzandi Sheylo dunyoga kelgan. Bir yil o‘tib esa vyetnamlik bola asrab olingan va unga Paks deb ism qo‘yilgan. 2008-yilda egizaklar Noks va Viven tug‘ilgan. Noks — aktyorning otasi, Viven Marshelin esa — aktrisaning onasi ismi bo‘lgan.

Foto: Cosmopolitan

Haqiqatga aylanishini hech kim kutmagan mish-mishlar

2009-yillardan boshlab juftlikning munosabatlari darz ketayotgani haqida mish-mish tarqalgan. Aktyorning ta’qiqlangan moddalar hamda boshqa oyimchalarga ilakishib qolishi Joliga yoqmagan. 2007 yilgi Kan festivalida Pitt sudanlik model Anna bilan tanishib qolgan. Ularning bir emas, bir necha marta birga ekani paparatssi ta’qibidan qochib qutilolmagan. Bu esa tabiiyki, Anjelinaga yoqmagan.

Foto: Cosmopolitan

Unashtiruv

Munosabatlarini boshlaganidan buyon 10 yil birga yashagan yulduzlar 2014-yilda turmush qurishga qaror qilgan. Fransiyada bo‘lib o‘tgan marosimda kelin-kuyovning do‘st va yaqinlari ishtirok etgan. Joli kuyovning yoniga o‘g‘illari Meddoks va Paks hamrohligida borgan. Qizlari Zahara va Viven gulbarglar sochgan. Sheylo bilan Noks esa uzuklarni ko‘tarib turgan. Kelin farzandlari chizgan suratlar tushirilgan oq ko‘ylak kiygan.

Foto: Cosmopolitan

Rashk va mojarolar

Aktrisa turmush o‘rtog‘ini asosli va asossiz rashk qila boshlagan. Mart oyining o‘rtasida eriga ko‘z suzganlikda ayblab, yosh enagani ham haydab yuborgan. Keyinchalik “Ittifoqchi” filmining suratga olish jarayonidagi Marion Kotiyyardan qizg‘angan.

Foto: Cosmopolitan

“Moviy qirg‘oq” bilan tugagan munosabatlar

“Janob va xonim Smit” filmining suratga olish maydonchasida boshlangan munosabatlar “Moviy qirg‘oq”ni tasvirga olish jarayonida yakuniga yetgan. Unda suratga tushgan juftlik filmdagi ijrosida ham munosabatlarni hal qilishga uringan juftlikni gavdalantirgan. Qahramonlar taqdiri ularning har ikkisining hayotida ham aks etmay qolmagan.

Foto: Cosmopolitan

Nizolar

Anjelina Vogue jurnaliga Bred bilan muammolarga o‘ziga xos tarzda yechim topishga uringani haqida intervyu bergan. Masalan, juftlik avvalroq yelkasiga bir xil qilib ma’nosi faqat ikkoviga ma’lum bo‘lgan ramzni tatuirovka qilib tushirgan. Ular bu ularni yomonliklardan asrashi va sog‘-salomat bo‘lishiga hissa qo‘shishiga ishongan. Salomatligi haqida gap ketganda ularning ajralishiga Anjelinaning haddan ortiq ozib ketgani Bredga yoqmaganini sabab qilib ko‘rsatsa ham bo‘ladi. Aktyor rafiqasini bu darajada ozib ketishdan davolanishiga yordam bermoqchi bo‘lgan va bu orada mojarolar kelib chiqa boshlagan.

Foto: Cosmopolitan

Hammasiga nuqta qo‘yish

2016-yil 20-sentabrda Jolining advokati Robert Offer aktrisa ajrashish uchun hujjatlar topshirganini ma’lum qilgan. Bu nafaqat muxlislar, balki Pitt uchun ham kutilmagan holat bo‘lgan. Bolalari bilan 23-sentabr kuni Londonga jo‘nab ketmoqchi bo‘lgan aktyor advokatga uchrab, ajrashish masalasini muhokama qilishiga to‘g‘ri kelgan. Bredni mas’uliyatsiz ota deb ayblagan Joli oltita farzandiga yakka vasiylik qilishni istagan.

Kim aybdor?

Farzandlariga yolg‘iz o‘zi vasiy bo‘lishni istagan aktrisa buni oilasi uchun qilayotganini ta’kidlagan. Keyinroq matbuotda Bred spirtli ichimliklarga ilakishib qolgani va katta o‘g‘li Maddoksga qo‘l ko‘targani haqida ma’lumot tarqalgan. Aynan shu holat Jolining aniq qaror qilishiga sabab bo‘lgan. Anjelina farzandlariga Pitt bilan qolish xavfli deb hisoblagan. Ammo Los-Anjelesning bolalarni himoya qilish departamenti tekshiruvidan keyin aktyordan bu ayblov olib tashlangan. Juftlik 2019-yilda rasman ajrashgan, 2020-yilda Anjelinaning ajrashish to‘g‘ri qaror bo‘lgani haqida intervyusi chiqqan. Bred yangi qaylig‘i bilan Fransiyaga jo‘nab ketmagunicha Joli bilan aloqalari yomon bo‘lmagan. Uning bu qilmishi voqealar rivojining boshqacha tus olishiga sabab bo‘lgan.

Avvalroq Anjelina Joli sudda sobiq turmush o‘rtog‘i Bred Pittga yutqazgan. Aktyor farzandlariga birgalikda vasiylik qilishga erishgan.