Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 21-iyun, dushanba kuni o‘tkazilgan brifingda boshlangan haftada davlat rahbari ishtirokida ko‘plab tadbirlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilganini ta’kidladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Aytilishicha, bugun 15—16-iyul kunlari Toshkentda o‘tishi rejalashtirilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilish, Toshkent shahrini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha taqdimot bo‘lishi kutilmoqda.

Ertaga, 22-iyun kuni esa mis ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish hamda sanoat klasterini tashkil etish yuzasidan yig‘ilish o‘tkaziladi. 23-iyun kuni Yangi O‘zbekiston universitetini tashkil etish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot tashkil etiladi.

Shuningdek, tarmoq va hududlarda investitsiya loyihalari ijrosi hamda mahalliy sanoat loyihalarini jadallashtirish masalalari yuzasidan videoselektor ham ko‘zda tutilgan. Sherzod Asadov davlat rahbari ushbu haftada Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishini ham ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftaning 17—18-iyun kunlari Prezident rasmiy tashrif bilan Andijon viloyatida bo‘lgan edi.