Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi tekstil korxonalarining birida ishlagan 19 yoshli qiz ish vaqtida zo‘rlandi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.

Qizning so‘zlariga ko‘ra, voqea 23-may kuni sodir bo‘lgan. O‘sha kuni u tungi navbatchilikda qolgan. Soat kechki 10 dan o‘tib, 11 larga yaqin korxona ustasi kirib kelib, undan koridorga chiqishini so‘ragan.

“Chiqmasang bo‘lmaydi dedi. Shundan so‘ng oyoq-qo‘limni bog‘lab, mashinada olib ketishdi. Ishimizning yonboshida qurilishi bitmagan 9 qavatli bino bor edi. Binoning atrofida bir-ikki odam bor edi. Og‘zim bog‘lab qo‘yilgani uchun baqirolmas edim. Holat mashinada bo‘ldi”, — degan qiz.

Jabrlangan qizning aytishicha, oilada faqat onasi ikkovi pul topadi, otasi va ukasi hech qayerda ishlamaydi.  “Oilaviy sharoitimiz og‘irroq. Oilamizga moddiy yordam bo‘lsin, deb ishlamoqchi edim”, — degan u.

Avvalroq Surxondaryoda ayol zo‘rlanganini aytib, yordam so‘ragani haqida xabar berilgan edi.