Xitoy Milliy kosmik boshqarmasi 15-may kuni Marsga qo‘ngan “Chjujun” marsoxodi tomonidan yuborilgan fotosuratlarni e’lon qildi, deb yozadi Meduza. Ular orasida Marsning marsoxod ilk bor qo‘ngan shimoliy yarim sharidagi Utopiya tekisligi manzaralari, shuningdek, qo‘nish platformasida turgan marsoxodning o‘ziga xos selfisi ham bor.
Ushbu suratni olish uchun “Chjujun” platformadan o‘n metr nari yurib, Mars yuzasida kamera o‘rnatgan va keyin o‘z joyiga qaytgan.
Qo‘nish maydonchasidagi rover bortida Xitoy bayrog‘i va Pekin-2022 Olimpiadasi ramzining tasvirini ko‘rish mumkin.
Xitoyning “Chjujun” marsoxodi “Tyanven-1” kosmik apparati bilan 15-may kuni ertalab Marsga muvaffaqiyatli qo‘ngan edi. Bu Xitoyning boshqa bir sayyoraga qo‘ngan birinchi marsoxodi.
“Tyanven-1” 2020-yil 23-iyulda Xitoy janubidagi Venchan kosmodromidan uchirilgan edi. Kosmik apparat qariyb yetti oylik parvozdan so‘ng fevral oyida Mars orbitasiga kirgan va ikki oydan ko‘proq vaqt davomida potensial qo‘nish joyini qidirgan.
Izoh (0)