Sony kompaniyasi yangi simsiz vakuum naushniklari — WF-1000XM4 modelini taqdim etdi, deb xabar beradi GSMarena.

Foto: GSMarena

Naushniklar V1 protsessori bazasidagi yaxshilangan raqamli shovqin so‘ndirish tizimiga, LDAC sharofati bilan High-Resolution audio Wireless formatida musiqa tinglash imkoniyati va Speak-to-Chat tipidagi “aqlli” funksiyalarga ega bo‘lgan.

Yangi gadjet shovqinni o‘lchashga qodir ikkitalik yuqori sezgir mikrofonlar bilan jihozlangan. Har bir naushnikda ikkitadan mikrofon turli tomonga yo‘nalgan bo‘lib, uning yordamida tizim atrofdagi ovozlarni yaxshiroq taniydi va tahlil qiladi, shu sababli shovqinni yuqori sifatda so‘ndirish tizimining ishini ta’minlaydi. Shuningdek, Automatic Wind Noise Reduction rejimi naushniklarga shamolning paydo bo‘lishini aniqlashga va yuzaga keladigan shovqinni avtomatik so‘ndirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, naushniklar real vaqt rejimida sifatli raqamli yozuvlarni amalga oshirish imkonini beradigan Edge-Al algoritmlari va DSEE Extreme texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Gadjetdagi Adaptive Sound Control funksiyasi foydalanuvchining qayerda ekanligi va shug‘ullanayotgan faoliyatiga qarab naushnikni sozlaydi.

Foto: GSMarena

WF-1000XM4 naushnigi IPX4 standarti bilan himoyalangan, ya’ni ular chang va namlikdan qo‘rqmaydi. Uzluksiz musiqa tinglash orqali naushnik sakkiz soat ishlay oladi. Keysdan quvvatlanish orqali ko‘rsatkich yana 16 soatga oshiriladi.

Oq va qora ranglarda sotuvga chiqadigan Sony WF-1000XM4 naushnigining rasmiy narxi 320 dollarni tashkil etadi.

Avvalroq 10 daqiqa quvvatlanish orqali 8 soat musiqa tinglash mumkin bo‘lgan Oppo Enco Air naushniklarini namoyish etilgandi.