Turkish Airlines 8-iyun kuni Istanbuldan Farg‘onaga ilk parvozini amalga oshirdi, deb xabar bermoqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati.
Bortida 165 nafar yo‘lovchi bilan Farg‘ona xalqaro aeroportiga kelib qo‘ngan samolyot tantana bilan kutib olingan. Farg‘ona xalqaro aeroporti direktori Timur Xalilov va Turkish Airlines’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Selim Qahriman samolyot trapi oldida ramziy lentani qirqdi.
Xabarda aytilishicha, “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan 2021-yil 15-aprelda Turkiyaning Turkish Airlines aviakompaniyasiga Istanbul—Urganch—Istanbul va Istanbul—Farg‘ona—Istanbul yo‘nalishlarida O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berilgan. Ammo epidemiologik vaziyat yomonlashuvi hamda Turkiya hukumati tomonidan 3 haftalik lokdaun e’lon qilingani sababli may oyida ushbu mamlakatga amalga oshiriladigan qator reyslar bekor qilingandi.
Turkish Airlines samolyotlari haftaning seshanba va juma kunlari Istanbul—Farg‘ona—Istanbul yo‘nalishida qatnovlarni amalga oshiradi.
Izoh (0)