Surxondaryo viloyatida Shavkat Mirziyoyev raisligida faollar kengashi bo‘lib o‘tdi. Prezident yig‘ilish davomida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun beriladigan imtiyozlarga alohida to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Xabar.uz”
“Tadbirkorni soliq to‘la, deb darhol bo‘g‘maslik kerak. U oyoqqa turib ketib, foydaga kirsa, o‘zi soliq to‘laydi. Biz uni qo‘llab-quvvatlashimiz, yordam berishimiz kerak. Boysan, puling ko‘p, deb zug‘um qilishga haqqimiz yo‘q. Tadbirkor bo‘lgandan keyin boy bo‘ladi-da! Axir shuning uchun ishlamayaptimi?
Bizda tadbirkorlar yo‘qmi? Surxondaryoda tadbirkorlar yo‘qmi? Ularni qo‘llab-quvvatlasak, samarasi bo‘ladi, albatta.
Shu sababli Surxondaryodagi tog‘li va cho‘l hududlarida foyda solig‘i stavkasini ikki baravarga kamaytirishni taklif etaman. Shuningdek, Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlarida ochiladigan yangi tadbirkorlik subyektlarining yer, mol-mulk, kichik korxona aylanmasidan olinadigan soliqlar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy miqdordagi daromad solig‘idan 2024-yil 1-yanvarga qadar ozod etishimiz lozim.
Buning uchun bir oy muddatda ushbu imtiyozlar bo‘yicha Soliq kodeksiga tegishli qo‘shimchalar kiritish va ularni 1-iyuldan qo‘llash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirig‘ini berdim. Shu vaqtga qadar Surxondaryo uchun biror marta qonunchilik o‘zgartirilganmi? Bundan ortiq yana qanday imkoniyat kerak?
Tuman hokimi g‘o‘ddayib yurgandan ko‘ra, qancha tadbirkorga soliq imtiyozi berish kerakligini hisob-kitob qilib chiqsin. Surxondaryoda ishsiz bo‘lishi kerak emas”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga doir:
Izoh (0)