Sankt-Peterburgda 2021-yilning yanvar oyida bedarak yo‘qolgan O‘zbekiston fuqarosining jasadi ko‘milgan va qo‘llari bog‘langan holda topilgan.
Bedarak yo‘qolgan fuqaroning topilgani 27-may kuni ma’lum bo‘lgan. Shu kuni soat 16:00 da Primorskiy tumani politsiyasiga Viborgsk tumani Jinoyat qidiruv bo‘limidan ma’lumot kelib tushgan. Xabarga ko‘ra, vatandoshlari 2021-yilning yanvar oyida yo‘qolgani ma’lum qilingan 24 yoshli O‘zbekiston fuqarosining jasadi topilgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu fuqaro boshqa muhojirlar bilan kelishmovchilikda bo‘lgan. Plastik mahsulotlarni ishlab chiqarish korxonasida ishlovchi erkak bo‘g‘ib o‘ldirilgan. Shundan so‘ng, uning qo‘llari arqon bilan bog‘langan holda birinchi Utina ko‘chasidagi 1-sonli uy yonida joylashgan o‘rmonga ko‘milgan.
Taxminlarga ko‘ra, ko‘ngilsiz hodisaning o‘zi 2020-yilning dekabrida sodir bo‘lgan. Egnida faqat qora kalta ishton bo‘lgan erkakning jasadi kavlab olinib, ekspertiza uchun morgga yuborilgan.
Holat yuzasidan qotillik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Peterburgda 24 yoshli o‘zbekistonlik darvozaga o‘zini osgani, 2018-yilda esa Peterburgda vafot etgan o‘zbekistonlik ayolning jasadi Yangiyo‘lga olib kelingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)