O‘zbekistonga 28-maydan Eron hududlaridan juda iliq havo kirib kelishi boshlanadi. Havo harorati 34-37 daraja issiq atrofida bo‘ladi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, 29—30-may kunlari iliq havo kirib kelishi kuchayadi, juda issiq ob-havo O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Havo harorati 36-39 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida 40-42 darajagacha ko‘tariladi.

Mamlakat bo‘ylab, asosan, kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat tog‘li hududlarda kunning ikkinchi yarmida konvektiv bulutlilik rivojlanishi bilan ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.