Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi 26-may kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining “O‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash chora-tadbirlari”ning ijrosi yuzasidan axboroti eshitildi.

Foto: Oliy Majlis

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1,7 million o‘zbekistonlik chet elda, asosan, Rossiya va Qozog‘istonda mehnat qilmoqda. Mamlakat aholisining 55 foizdan ortig‘i yoshlardan iboratligi hamda yiliga mehnat bozoriga 600 mingga yaqin ishchi kuchi kirib kelayotgani ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston YeOIIga a’zo davlatlar ichida mehnat resurslari bo‘yicha Rossiyadan keyingi o‘rinda turadi. Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy fuqarolar soni bo‘yicha esa O‘zbekiston birinchi o‘rinda turadi.

Qayd etilishicha, 2021-yil 30-aprel kuni O‘zbekiston hukumati bilan Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi hamda chora-tadbirlar rejasi imzolangan. Mazkur hujjatlar mehnat qiluvchilarning ijtimoiy va mehnat huquqlarini himoya qilish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorligini ko‘zda tutadi.

Ta’kidlanishicha, mehnat migrantlarini huquqiy, moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq muammolar ko‘p uchramoqda. Misol uchun, ish beruvchining shartnoma shartlarini bajarmaslik, ish haqini kechiktirish yoki to‘lamaslik, mehnat va migratsiya talablariga rioya qilmaslik, soliqdan qochish uchun migrantlarni norasmiy ishlatish holatlari shular jumlasidandir.

Shuningdek, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining huquqiy holatiga tegishli va ularning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiy xizmat ko‘rsatish, pensiya va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrlarini belgilash va moliyalashtirish, migrantlarning oila a’zolarini himoya qilish, ma’muriy va jinoiy tartibda ta’qib qilish bilan bog‘liq muammolarning huquqiy asosi belgilanmagan.

Deputatlar va ishtirokchilar tomonidan aynan shu kabi muammolarning qonuniy yechimiga qaratilgan, mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Xususan, O‘zbekistonning mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha bir qator xalqaro shartnomalarga qo‘shilish taklifi ilgari surildi.

Bundan tashqari, mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishni tezlashtirish masalasi aytib o‘tildi.

Bundan avval Qozog‘istondagi O‘zbekiston fuqarolaridan 5-iyunga qadar mamlakatda qolishni qonuniylashtirish talab etilgani, Rossiyada ba’zi muhojirlar uchun maxsus huquqiy rejim joriy qilingani hamda Uzbekistan Airways mehnat muhojirlariga chegirmalarni bekor qilgani haqida xabar berilgandi.