Bola tana haroratining ko‘tarilishiga ko‘pincha infeksion kasalliklar, tish chiqishi va boshqalar sabab bo‘lishi mumkin. Sababi nima bo‘lishidan qat’iy nazar, amalga oshirilishi kerak bo‘lgan choralar bir xil bo‘ladi.

Foto: “Domashniy ochag”

Kiyimlarini yeching

Tana harorati ko‘tarilayotganida bolaning tanasi uvishishi, ko‘rpaga o‘ranib olishi mumkin. Bu vaqtda oyoq-qo‘llari muzdek bo‘ladi, terisida kapillyarlar xuddi mramorga o‘xshab ko‘zga tashlanishi mumkin. Bu tana harorati ko‘tarilishiga xos tabiiy holat hisoblanadi. Harorat ko‘tarilib bo‘lganda oyoq-qo‘llari qiziy boshlaydi va bolaning o‘zi ustini ochib tashlaydi.

Ko‘proq suyuqlik ichiring

Tana harorati yuqori bo‘lganda organizmdagi suv nafaqat peshob ajralganda, balki nafas bilan ham chiqib ketishi mumkin. Ishtahasi yo‘q bo‘lsa, ovqat yeyishga majburlamang. Ammo peshobining rangi ochargunicha suyuqlik ichirishda davom etish kerak. Bunday vaziyatda peshob rangining to‘q bo‘lishi organizmdagi suyuqlik tanqisligidan darak beradi.

Issiqni tushiradigan dori vositalardan foydalaning

Infeksion kasalliklarda harorat ko‘tarilishi organizmning himoya reaksiyasi bo‘ladi. Bunda interferonlar ishlab chiqarilib, organizmda virus va bakteriyalarning ko‘payishi sekinlashadi. Haroratni tushirishda termometrdagi ko‘rsatkichga emas, bolaning ahvoli qandayligiga qarash kerak. Ko‘rsatkich ba’zida 39,5 ba’zida esa 40 ni ko‘rsatishi ham mumkin. Agar bola xarxasha qilsa, bezovta bo‘lsa, o‘yinchoq o‘ynashda davom etsa hamda multfilm tomosha qilib, o‘chirib qo‘yganda norozilik bildirsa, haroratni tushirmasa ham bo‘laveradi. Holsiz bo‘lib yotsa, yegisi, ichgisi kelmasa va kamiga uxlay ham olmasa, isitma tushiradigan dori berish kerak.

Bolalarning issig‘ini tushiruvchi dori vositasi sifatida faqatgina paratsetamol va ibuprofen (3 oyligidan)dan foydalanish mumkin. Chaqaloqlar uchun (20 kilogacha) preparatning dozasi bolaning vazniga qarab hisoblanadi: paratsetamol uchun 15 mg/kg, ibuprofen uchun esa 10 mg/kg. Bunday dori vositalarini 6-8 soatdan kam bo‘lmagan vaqt oralig‘ida 1 martadan ko‘p bermaslik kerak.

Haroratni tushirish uchun nomedikamentoz usullardan foydalanish

Issiq tushiruvchi vositalar singari nomedikamentoz usullardan ham bola o‘zini yomon his qilgandagini foydalanish tavsiya qilinadi. Ammo ulardan dori vositalaridan farqli ravishda takror foydalansa bo‘ladi.

  • Bolani yechintiring, ventilyator yoki konditsionerni past qilib yoqib qo‘ying.
  • Bolaning qo‘l-oyoqlarini sovuq suv (sirkali suvdan foydalanmang) bilan arting.
  • Suv teridagi issiqlikka ta’sir qilib, bolaning harorati pasayadi.
  • Iliq vanna yoki dushga tushiring (37 darajada).
  • Agar bolaning tana harorati 37,5 dan yuqori bo‘lsa, iliq suvda deyarli tezda normal holatga tushadi.