24-may kuni taxminan soat 04:45 larda Toshkent shahrining Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi poytaxt IIBB axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, tumanning Bunyodkor ko‘chasida (Uztelecom binosi qarshisida) F.Yu. ismli 36 yoshli haydovchi Spark avtomobilda harakatlanayotib boshqaruvni yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishni ajratib turuvchi to‘siqqa urilgan.
YTH oqibatida avtomobil haydovchisi tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilgan, biroq shifokorlarning urinishlariga qaramasdan haydovchi vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Voqea sabablari o‘rganilmoqda.
Avvalroq Toshkentda mast haydovchi boshqaruvidagi Epica ag‘darilib ketgani, Toshkentda transport boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxs mashina haydab, bir insonning umriga zomin bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)