Kongo va Ruanda chegarasida Nyiragongo vulqoni otilishni boshladi, deb yozadi “RBK” mahalliy nashrlarga tayanib.

Foto: EPA

Vulqon yaqinida joylashgan 1,5 million aholiga ega Goma shahridan fuqarolarni evakuatsiya qilish boshlangani haqida mamlakat Aloqa va OAV vazirligi xabar berdi.

“Goma shahridan evakuatsiya rejasi ishga tushirildi. Hukumat qarori bosh vazir raisligidagi favqulodda majlis chog‘ida qabul qilindi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Mahalliy telekanalga ko‘ra, Gomadan qochib kelayotgan odamlar uchun Ruanda hukumati o‘z chegaralarini ochgan. Mahalliy aholi Ruandaning Rubavu provinsiyasi hududida chegarani kesib o‘tib, maktablar va cherkovlar binolariga joylashtirilmoqda.

Vulqon lavasi allaqachon Gomaning Munigi tumanigacha yetib kelgan. Yo‘lda lava oqimlari uchta qishloqni vayron qilgan.

Ushbu vulqon 1882-yildan buyon 34 marta otilgan, so‘nggi marta bu 2002-yilda sodir bo‘lgan edi, oqibatda lava Goma shahrini vayron etib, 250 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, 120 ming odamni boshpanasiz qoldirgan. Nyiragongoning eng kuchli otilishlaridan biri 1977-yilda qayd etilgan, o‘shanda 600 dan ortiq odam halok bo‘lgan.