Tataristonning Naberejniy Chelni shahridagi qurilish maydonchasida o‘zbekistonlik talaba beshinchi qavatdan yiqilib, halok bo‘ldi. Bu haqda Tatariston prokuraturasi matbuot xizmatiga tayanib, “Rossiya Tataristan” xabar berdi.
Fojia 21-may kuni ertalab soat 10:00 larda 33-mikrorayondagi qurilish maydonida yuz bergan. Ma’lum qilinishicha, vafot etgan yigit — O‘zbekistondan o‘qishga kelgan 21 yoshli Chelni universitetining talabasi. Yigit bir kun oldin qurilish kompaniyasida vaqtincha ishchi sifatida ishga joylashgan. U ikki kun davomida stajirovkadan o‘tishi kerak bo‘lgan.
Shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari Chelnov Aydar Galiyev voqea joyiga yetib borgan. Hozirda fojianing sabablari aniqlanmoqda. Jinoyat ishini qo‘zg‘atish masalasi hal qilinmoqda.
Bundan avval Rossiyaga ketib, 18 yil bedarak yo‘qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgani, Rossiyada baxtsiz hodisaga uchragan o‘zbekistonlik ona va bolaga yordam ko‘rsatilgani hamda Rossiyada bosqinchilik harakatlarini amalga oshirgan to‘rt nafar o‘zbekistonlik sud qilinishi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)