Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘azo sektoridagi Rossiya va MDH davlatlari fuqarolarini ularning xohishiga qarab, sektordan evakuatsiya qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat huquqiy axborot rasmiy internet portalida e’lon qilindi.

Foto: Global Look Press

“Isroil Qurolli kuchlarining harbiy amaliyoti natijasida G‘azo sektoridagi vaziyatning keskin yomonlashuvi munosabati bilan sektordagi Rossiya fuqarolari va MDHga a’zo davlatlar fuqarolarini, o‘z istagiga qarab evakuatsiya qilish nazarda tutilsin”, — deyiladi hujjatda.

Prezident Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi razvedka xizmati va Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligiga fuqarolarni Moskvaga evakuatsiya qilishning aniq sanalari va shaklini belgilashni buyurdi.

Bundan avval Isroil va HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishib olgani haqida xabar berildi. Unga ko‘ra, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Falastin va Isroil vaqti bilan 2:00 da (Toshkent vaqti bilan 4:00) kuchga kirdi.

Al Jazeera telekanali xabar qilishicha, G‘azo sektorida va Falastin hududlarida minglab odamlar ko‘chaga chiqib, yarashuvni tantana qilgan. Falastinning Ramollah shahrida mushaklar otildi, ba’zi odamlar quroldan havoga o‘q uzdi.

Isroilning The Times of Israel gazetasi xabariga ko‘ra, yarashuv e’lon qilinib, u kuchga kirgunicha G‘azo yaqinidagi ba’zi Isroil shaharlari raketa va minomyotlar bilan o‘qqa tutilgan. Bir kishi jabrlangan.

Falastin tashqi ishlar vaziri Isroil tomonidan o‘t ochishning to‘xtatilishi yetarli emasligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, mojaro Quddusdagi musulmonlarning ahvoli hamda shaharning ba’zi joylaridan falastinlik oilalarni haydab chiqarishi bilan qo‘zg‘atilgan. Tashqi ishlar vaziri ushbu muammolarni hal qilish kerakligini aytdi.