Hindistonda o‘tgan bir kecha-kunduzda 281 386 kishida COVID-19 aniqlandi. Bu 21-apreldan beri qayd etilgan eng past sutkalik ko‘rsatkich.

Foto: aa.com

Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 24 soatning o‘zida mamlakatda 4106 kishi koronavirusdan vafot etgan.

Hindistonda infeksiya yuqtirganlarning umumiy soni 24 965 463 kishiga yetgan, ulardan 274 390 nafari kasallik qurboniga aylangan.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kasallik yuqtirganlar va vafot etganlar soni rasmiy ma’lumotlarda qayd etilganidan ancha ko‘p. Ayni paytda COVID-19 tashxisi bilan 3 516 997 nafar bemor davolanmoqda.

Shu bilan birga, Hindistonda o‘tgan kuni 691 211 kishi koronavirusga qarshi emlanib, vaksina olgan fuqarolarning umumiy soni 182 926 460 kishiga yetgan.

Shuningdek, Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini ta’siriga uchragan ushbu mamlakatda vaziyat barqarorlashgani haqida ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Hindiston koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Avvalroq Hindistonning Bixar shtatida Ganga daryosidan COVID-19 tufayli vafot etgani taxmin qilinayotgan kamida o‘ttiz kishining jasadi topilgani haqida xabar berilgan. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, qirg‘oq bo‘yidagi qishloqlarda yashovchilar marhumlarning jasadlarini daryoga tashlab yubormoqda, chunki ularni kuydirish va dafn gulxanlarini yoqish qimmatga tushadi.

Hindiston hukumati o‘liklarning suvga noqonuniy ravishda tashlanishining oldini olish maqsadida Ganga daryosiga to‘rlar o‘rnatgan.

Shuningdek, Hindistonda COVID-pandemiya fonida odamlarning xavfli zamburug‘larga chalinish holatlari ko‘paygan.