Nyu-Yorkda O‘zbekiston va Dominika Hamdo‘stligi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Foto: “Dunyo” axborot agentligi

Ikki davlat hukumatlari nomidan hujjat O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov va Dominikaning BMTdagi doimiy vakili, elchi Lorin Bannis-Roberts tomonidan imzolandi.

Dominika Hamdo‘stligi Karib dengizining sharqida joylashgan orol davlatdir. Mamlakat maydoni 751 kvadrat kilometrdan iborat. Aholi soni 70 ming kishini tashkil etadi. Dominika BMT, Britaniya Millatlar Hamdo‘stligi, Karib Hamjamiyati (CARICOM), Karib umumiy bozori va Sharqiy Karib davlatlari tashkiloti a’zosi hisoblanadi.

Suhbat chog‘ida Dominika elchisiga O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, so‘nggi yillarda respublika hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida so‘zlab berildi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan, COVID-19 pandemiyasi davrida jahon hamjamiyatining iqtisodiy tiklanish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi sa’y-harakatlarini mustahkamlash, kambag‘allikka qarshi kurashish, shuningdek, mintaqaviy rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan muhim xalqaro tashabbuslarning mazmun-mohiyati ta’kidlandi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tuzilmasi doirasida birgalikdagi ishlarni rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishini tasdiqladi. O‘zbekiston va Dominika o‘rtasidagi hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni muntazam davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Dominika O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 137-mamlakatga aylandi.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev qator davlat elchilari va tashkilot vakillarining ishonch yorliqlarini qabul qilgani hamda O‘zbekiston Yevropaning yana bir davlati bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgani haqida xabar berilgandi.