Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligidagi delegatsiya 14-may kuni Toshkentga keldi, deb xabar beradi O‘zA.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov kutib olgan.
Avval Toshkentda 14—15-may kunlari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Tashrif dasturidan Toshkent shahridagi bir qator sanoat obyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishish o‘rin olgan. Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 7-yig‘ilishi 2020-yil 29-sentabr kuni Tojikiston poytaxtida o‘tkazilgandi.
2021-yil 24-aprel kuni Xo‘jandda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligidagi hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. Tomonlar Shavkat Mirziyoyevning 2021-yilda Tojikistonga uyushtiriladigan tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish nuqtayi nazaridan ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash va yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilgandi.
Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 10−12-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Dushanbeda bo‘lishi kutilmoqda.
Izoh (0)