O‘zbekiston terma jamoasi sobiq ustozi Ektor Kuper faoliyatini Kongo demokratik Respublikasi terma jamoasida davom ettiradi.
Argentinalik mutaxassis Afrika jamoasi bilan shartnoma imzolagan. Kuper 2019-yilda O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketgach, hozirga qadar ishsiz yurgandi.
Kuper Kongo DRga JCh—2022 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun yordam beradi. Kongo DR JCh—2022 saralashi ikkinchi bosqichida Benin, Madagaskar va Tanzaniya termalari bilan bir guruhdan joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, Ektor Kuper 2018—2019-yillarda O‘zbekiston terma jamoasini boshqargandi. Terma jamoa uning boshqaruvida 17 ta o‘yin o‘tkazib, 7 ta g‘alaba, 6 ta mag‘lubiyat va 4 ta durang qayd etgan. To‘plar nisbati esa 19-16 ni tashkil etgan.
65 yoshli murabbiy faoliyati davomida Argentinaning “Urakan”, “Lanus”, Ispaniyaning “Malyorka”, “Valensiya”, “Real Betis”, “Rasing”, Italiyaning “Inter”, “Parma”, Turkiyaning “O‘rduspor”, Gretsiyaning “Aris”, BAAning “Al-Vasl” klublarida, Gruziya (2008-2009) va Misr (2015—2018) terma jamoalarida ham ishlagan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)