IIV YHXBB ijtimoiy tarmoqlarda “Oysha xola ismli YPX xodimi” sarlavhasi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 30-aprel kuni Toshkent viloyati IIB YHXB YPX inspektori F.Mavlonov Quyi Chirchiq tumanida xizmat olib borayotgan vaqtida me’yoriy hujjatlarini tekshirish maqsadida Lacetti rusumli avtomobilni to‘xtatgan. Tekshiruv jarayonida haydovchi 2004-yil tug‘ilgan A.A.ning transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari yo‘qligi (yoshi to‘g‘ri kelmasligi) aniqlangan.
Xodim ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomobil jarima maydoniga yuborilishini aytgandan so‘ng, haydovchi xodimga nisbatan faol qarshilik ko‘rsatgan va videoga olishni boshlagan.
Ta’kidlanishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Fuqaro A.A.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqilishi uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudiga yuborilgan.
Avvalroq Toshkentda YPX inspektori haydovchiga o‘rta barmog‘ini ko‘rsatgani, poytaxtda quvvati tugaganini aytib, ishlamayotgan bodikamera bilan tekshiruv o‘tkazgan YPX xodimiga chora ko‘rilgani hamda Samarqandda YPX inspektorlari fuqaroni kuch ishlatib, xizmat mashinasida olib ketgani aks etgan video bo‘yicha rasmiy izoh berilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)