UEFA Chempionlar Ligasi 2020/21-yilgi mavsumi final uchrashuvi o‘tkaziladigan joy o‘zgarganini ma’lum qildi.
O‘yin Portugaliyaning Portu shahridagi “Dragau” stadionida bo‘lib o‘tadi. Avvaliga ushbu bahs Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tishi belgilangandi.
Mazkur uchrashuvga final ishtirokchilari — “Chelsi” va “Manchester Siti”ning 6 ming nafardan muxlislari tashrif buyurishi mumkin bo‘ladi.
Final o‘tkaziladigan joyning o‘zgarishiga Turkiya koronavirus bilan bog‘liq holat tufayli Buyuk Britaniya “qizil ro‘yxat”idan joy olgani sabab bo‘lgan. Britaniyada Turkiyadan qaytadigan har bir shaxs o‘n kun davomida karantinda saqlanishi majburiy qilib qo‘yilgan.
Chempionlar Ligasining final uchrashuvi 29-may kuni bo‘lib o‘tadi. Avvalroq ushbu uchrashuvni ispaniyalik Mateu Laos boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib borishi ma’lum bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, koronavirus sabab 2019/20-yilgi mavsum finali ham Turkiyadan olib qo‘yilgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)