AQSh yo‘llarida xavfsiz harakatlanish milliy boshqarmasiga (NHTSA) yuzlab Honda Accord egalaridan shikoyatlar kelib tushdi. Haydovchilarning ta’kidlashicha, harakatlanish vaqtida vatomobil o‘z-o‘zidan trayektoriyasini besabab o‘zgartirishi mumkin, deb xabar beradi Motor.

Foto: Wheelsage

NHTSA’ning hisoblashicha, muammo ommaviy xarakterga ega bo‘lib, 2013—2015-yillarda ishlab chiqarilgan 1,1 million Accord nusxalariga taalluqli bo‘lishi mumkin. Milliy boshqarma avtomobil egalaridan kelib tushgan 107 ta shikoyat va “rul anomaliyasi” sabab yuzaga kelgan deya taxmin qilinayotgan ikkita avariyani o‘rganishni boshlagan.

“Rul anomaliyasi”ga bog‘liq birinchi holat haqida 2020-yilning oktabrida ma’lum bo‘lgan. O‘shanda NHTSA’ga 2013-yilda ishlab chiqarilgan Honda Accord egasi murojaat qilgandi. Haydovchi avtomobil “bir necha bor o‘z-o‘zidan 90 darajaga burilib ketganini” ma’lum qilgan va ushbu holatni tekshirishni so‘ragan.

NHTSA ayni vaqtida muammo ko‘lamini va xavfsizlik bilan bog‘liq oqibatlarni baholamoqda. Honda’ning ma’lum qilishicha, kompaniya tergov ishlariga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda. “Avtomobillarimizning xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarga jiddiy yondashamiz va NHTSA bilan hamkorlikni davom ettiramiz”, — deyiladi bayonotda.

Ommaviy nuqson borasidagi fakt tasdiqlansa, yapon markasi AQShda sotilgan milliondan ortiq mashinasini chaqirib olishga majbur bo‘ladi.

Avvalroq General Motors 50 mingdan ortiq elektrokarlarini chaqirib olishi to‘g‘risida xabar berilgandi.