Mexikoda yer usti metrosi estakadasi poyezd yurib ketayotgan vaqtida qulab tushdi, oqibatda kamida olti kishi halok bo‘lib, 80 kishi jarohatlandi. Bu haqda El Universal gazetasi xabar berdi.

Foto: Uno TV

Keyinroq hukumat ma’lum qilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 13 kishiga yetgan, jabrlanganlar esa 70 ga yaqin.

Mahalliy vaqt bilan 3-may kuni 22:30 da (Toshkent vaqti bilan 4-may 08:30) Meksika poytaxtida 12-metro liniyasi ko‘prigi poyezd o‘tib ketayotgan paytda qulab tushgan. Hodisaga metro ko‘prigi ustunlaridan biriga avtomobil kelib urilishi sabab bo‘lgan.

Voqea joyiga bir necha o‘nlab tez yordam mashinalari, o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar yetib kelgan. Metro ko‘prigi ostidan o‘tgan yo‘ldan yurib ketayotgan bir nechta avtomobil ham vayronalar ostida qolgan.

Ko‘prikning qulashi ko‘cha videokuzatuv tizimi kameralariga muhrlangan.

Hodisa joyiga Mexiko meri Klaudiya Shaynbaum ham yetib kelgan. El Universal yozishicha, 2017-yilgi zilziladan keyin ayni paytda qulab tushgan estakadaning ustunlarida yoriqlar paydo bo‘lgan, mahalliy aholi o‘sha vaqtdayoq uning qulab tushishidan xavfsiragan edi.