“Real” hujumkor yarim himoyachisi Lukas Vaskes “Atletiko”ga o‘tishdan bosh tortdi.
“Matraschilar” 29 yoshli futbolchi bilan bog‘langan va unga shartnoma taklif qilgan, biroq Vaskes “Atletiko”ning taklifiga rahmat aytgan holda, bu masalani o‘ylab ham o‘tirmasligini ma’lum qilgan. Ispaniyalik futbolchi “Real”ga bo‘lgan mehri sabab, azaliy raqib safiga o‘tishni istamagan, deya xabar qilmoqda AS.
Vaskesning amaldagi shartnomasi 2020/21-yilgi mavsum so‘ngida o‘z nihoyasiga yetadi. Futbolchi madridliklar bilan yangi, 3 yillik bitim imzolashga yaqin turibdi. Avvaliga “Real” Lukasga yiliga 3,5 million yevro maosh taklif qilgan, biroq bu taklif uni qanoatlantirmagan. Keyin “Real” taklifni 5 milliongacha oshirgan va Vaskes bu shartlarga rozi bo‘lgan.
Agar “Real” bilan muzokaralarda muammo yuzaga kelsa, u holda ispaniyalik o‘yinchi “Milan”ga yo‘l oladi. Milanliklar Vaskesga yaxshigina maosh taklif qilgan, biroq u kamroq pul topsa ham “Real”da qolishni istamoqda.
Ta’kidlanishicha, Vaskesning jamoada qolishi Serxio Ramosning “Real”dagi kelajagiga ham bog‘liq. Agar sardor Madrid jamoasi bilan shartnomani uzaytirsa, Vaskes aniq “Real”da qoladi.
Eslatib o‘tamiz, Lukas aprel oyida olgan jarohati sabab mavsum oxirigacha safdan chiqqan. U mavsum davomida nafaqat hujum chizig‘ida o‘ynadi, balki o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyada ham to‘p surdi.
La Liga joriy mavsumida Vaskes 24 o‘yin o‘tkazib, ikkita gol va 5 ta golli uzatma muallifiga aylandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)