Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida barpo etilayotgan bog‘ hududiga tashrif buyurdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent yaqinida ulkan manzarali bog‘ barpo etilmoqda. 25-fevral kuni ushbu bog‘ loyihasi muhokama qilingan edi. Bugun unga ilk ko‘chatlar ekildi.

Shu munosabat bilan bu yerga parlament va hukumat a’zolari, Toshkent shahri jamoatchiligi, nuroniylar, ilm-fan va san’at vakillari, sportchilar, yoshlar yig‘ildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Bugungi muborak Ramazon kunlarida sizlar bilan ko‘rishib turganimdan xursandman. Xalqimiz uchun munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘p ishlarni boshlaganmiz. Xudo xohlasa, mana shu bahavo joyda 104 gektarlik bog‘ barpo etmoqchimiz. Bu xayrli ishning boshlanishi hozirgi ulug‘ ayyom kunlariga to‘g‘ri kelgani ham hosiyatli, deb o‘ylayman”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi bog‘ nafaqat manzarasi, landshafti, balki mazmuni bilan ham alohida e’tiborga molik. Bog‘ning umumiy ko‘rinishi xuddi ulkan daraxtning beshta shoxi shaklida bo‘ladi. Bu Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishini ifodalaydi.

Bog‘ni oddiy park emas, eng avvalo, yuksak madaniyat va ma’naviyat maskaniga aylantirish maqsad qilingan. Bu yerda odamlar tabiat qo‘ynida osuda dam oladigan so‘lim hududlar yaratiladi. Kashtan, eman, chinor, lola, lipa bog‘lari barpo etilib, noyob manzarali daraxtlar, butalar va gullar ekiladi. Sun’iy ko‘l, sport maydonlari, bolalar o‘yingohlari, favvoralar quriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan Istiqlol majmuasi ham shu yerda barpo etiladi.

Prezident bu majmuaning tarixiy-g‘oyaviy ahamiyatini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Bu yil mustaqilligimizning 30 yilligini nishonlaymiz. Lekin davlatchiligimiz 3 ming yillik. Bu ana shu buyuk tarixni ko‘rsatadigan majmua bo‘ladi. Bu yerga kelgan yoshlarimiz, chet ellik mehmonlar ham shuni anglaydigan dalillar aks ettiriladi”, – dedi davlat rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu bog‘ O‘zbekistonning yangi qiyofasini, ulkan salohiyatini, ko‘pmillatli xalqning jipsligi va ahilligini namoyon etadigan majmua bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shuni hisobga olib, bu muhtasham bog‘ga “Yangi O‘zbekiston” deb nom berishni taklif etdi. Yig‘ilganlar bu taklifni qo‘llab-quvvatladi.

Davlat rahbari jamoatchilik bilan birga yangi bog‘ga ko‘chatlar o‘tqazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mazkur bog‘ning yonida Olimpiya shaharchasi ham bunyod etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti bilan yana bir bor telefonda suhbatlashib, Tojikiston bilan chegaradagi vaziyatni muhokama qilgani, o‘simlik yog‘i importini QQSdan ozod qilish va uning eksportini cheklash to‘g‘risidagi qonunni imzolagani hamda YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktorini qabul qilgani haqida xabar berilgandi.