“Daryo” internet-nashri va O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Muslim.uz” portali o‘zaro hamkorlikda muborak oyga bag‘ishlangan “Oylar sultoni — Ramazon” loyihasini taqdim etadi.
Loyiha doirasida taniqli ulamolar va diniy soha xodimlari mohi Ramazon fazilati to‘g‘risidagi oyati karimalar, hadisi shariflar sharhi hamda ro‘za tutish bilan bog‘liq savollarga javob beradi.
Mavzuga doir:
Zakotning mohiyati nima?
Zakot — Islomning besh farzidan biri, moliyaviy ibodatdir. Uning “o‘sish”, “salohiyat” kabi ma’nolari bor. Istilohda esa boy kishi ma’lum bir mollardan zimmasiga vojib bo‘lgan miqdorni kambag‘alga mulk qilib berishidir. Zakot berishda nisob va yil o‘tishi e’tiborga olinadi.Zakotning farzligiga Qur’oni karim, hadislar va ummatning ijmosi dalolat qiladi. Alloh taolo shunday deydi: “Namozni qoim qiling va zakotni bering...” (Baqara surasi 43-oyat). Qur’oni karimda xuddi shu jumla buyruq ko‘rinishida takror-takror kelgan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom Islom besh narsa ustiga qurilganini zikr qilib ularni ichida zakotni ham sanadilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
U Zot atrofdagi musulmonlarning zakot mollarini yig‘ish uchun xodimlar jo‘natar edilar. Jumladan, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga jo‘nata turib: “Ularga ma’lum qilingki, Alloh taolo ularning molida boylaridan olinib kambag‘allariga qaytariladigan bir sadaqani vojib qilgan”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Zakotni bermaydiganlarni Alloh taolo qattiq azob bilan ogohlantiradi: “...Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo‘lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob haqida «xushxabar» bering!” (Tavba surasi 34-oyat).
Kishi zakotga qodir bo‘lganini qanday aniqlaydi?
Zakot berish farz bo‘lishi nisob va yil o‘tishiga bog‘liq. Islomda nisob-boylik darajasi mol-mulkning 85 gramm tilla yoki uning qiymatiga yetishi bilan o‘lchanadi. Bu boylikka asliy hojatlari: uy-joyi, uy asboblari, kiyim kechaklari, kasb asboblari va ulov (mashinasi)ning qiymati qo‘shilmaydi. Demak, kimda qarzlaridan ortiqcha 85 g tilla yoki uning qiymatidagi kumush, qog‘oz pullar va tijorat mollari bo‘lsa, uning moli nisob (boylik miqdoriga) yetgan bo‘ladi. Bunday kishi moli nisobga yetgani uchun endi zakot ololmaydi.Qamariy taqvim bo‘yicha rosa bir yildan keyin ham nisob miqdoridagi mol-mulk ehtiyojdan ortiqcha bo‘lib, ishlatilmay turgan bo‘lsa, ana endi faqirlarga mol-mulkining 1/40 (qirqdan bir, ya’ni 2,5%)ini zakot sifatida beradi. Masalan, bir kishining moli Muharram oyida 85 gramm tillaning qiymatiga yetdi. Kelasi yil Muharram oyida esa moli 100 gramm tillaning qiymatiga yetdi. Shunda u mol-mulkining 1/40 i, ya’ni, 2,5 gramm tillaning qiymatini zakot qilib beradi. Yil o‘rtasida qiymatning ko‘payib-kamaygani e’tiborga olinmaydi.
Chorva mollaridan qanday zakot beriladi?
Kumush, qog‘oz pullar va tijorat mollarining zakoti bir-biriga qo‘shib hisoblanadi. Lekin chorva mollarining zakoti bularga qo‘shilmasdan, alohida hisoblanadi.Zakot beriladigan chorva mollari yilning ko‘p qismida (6 oydan ko‘proq) daladan o‘tlab yurgan bo‘lishi kerak. Qo‘lda boqiladigan hayvonlardan zakot berilmaydi. Tijorat maqsadida olib boqilayotgan har qanday hayvonlarning qiymati tilla-kumush, qog‘oz pul va tijorat mollari qiymatiga qo‘shib hisoblanadi.
Zakot beriladigan chorva hayvonlari: qo‘y-echki, sigir, tuya va ot. Bu chorvalarning turlari ham bir-biriga qo‘shib hisoblanmaydi. Alohida-alohida nisobga yetishi shart bo‘ladi. Qo‘y qirqtaga yetsa, bitta qo‘y; sigir o‘ttiztaga yetsa, bitta bir yoshni to‘ldirgan buzoq; tuya beshtaga yetsa, bitta qo‘y; urg‘ochi yoki erkak-urg‘ochi otlar aralash bo‘lganda, otning har bittasidan qiymatining 1/40 i zakot qilib beriladi.
Bu hayvonlarning soni ortib borgan sari zakotga beriladigan soni o‘zgarib boradi. Ularni batafsil bilib olish uchun fiqh kitoblarga murojaat qilish kerak. Bunda hayvonning o‘zidan ham, qiymatini ham berish mumkin. Qaysi hayvon bo‘lsa ham, faqat bolalarining o‘zi bo‘lsa, undan zakot berilmaydi, lekin kattalari bilan aralash bo‘lsa, kichiklarini ham hisobga qo‘shiladi.
Zakot berishda niyat qilish shartmi?
Albatta, zakotda niyat shart. Zakot molini ajratayotganda yoki uni faqirga berayotganda zakot berishni niyat qilish kerak. Hech qanday niyatsiz berilgan zakot sadaqa bo‘lib, qaytadan zakot berish lozim bo‘ladi. Faqirga bu zakot deb aytish shart emas.Zakot kimlarga beriladi?
Zakot kimga berilishi haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi: “Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir” (Tavba surasi, 60-oyat).Demak, zakot beriladigan 8 ta toifa insonlar bor:
- Faqir – moli nisobga yetmagan shaxs;
- Miskin – hech narsasi yo‘q kishi;
- Zakot yig‘ish ishida band bo‘lganlar;
- Dillari Islomga oshno qilinuvchi g‘ayri dinlar;
- Mukotab qullar;
- Agar zimmasidagi qarzini bersa, puli nisobdan kamayib qoladigan qarzdor kishi;
- Alloh yo‘lida yurganlar (bunda asosan muhtoj bo‘lib qolgan hojilar tushuniladi);
- Yo‘lda qolganlar (moli boru, o‘zi bilan birga emas).
Zakot berishni, haqli bo‘lishsa, aka-uka, opa-singil va ularning farzandlari, keyin amaki-amma va ularning farzandlari, keyin tog‘a-xola va ularning farzandlari, keyin boshqadan qarindoshlar, keyin qo‘ni-qo‘shni, mahalla va hamkasblardan boshlash afzaldir.
Kimlarga zakot berilmaydi:
Shariatimizga ko‘ra quyidagilarga zakot berilmaydi:- Boy kishilarga;
- Boshqa din vakillariga;
- Boy kishining balog‘atga yetmagan farzandiga;
- O‘rtalarida tug‘ilish aloqasi bo‘lganlar ya’ni, ota-ona va ularning ota-onalari, o‘g‘il-qizlar va ularning farzandlariga;
- Er yoki xotinga;
- Hoshimiylar, ya’ni, Payg‘ambarimiz alayhissalomning qarindoshlariga.
Ma’lumot uchun: Sizda shar’iy masalalarda savollar bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Telegram’dagi @diniysavollar kanaliga, “savollar.muslim.uz” saytiga yoki fatvo bo‘limining 78-150-33-44 raqamli koll-markaziga murojaat qilishingiz mumkin.
Izoh (0)