Farg‘ona shahrida 19 yoshli yigit uni mazax qilib, spirtli ichimlik olib berishga majburlagan 44 va 48 yoshli mast erkakni pichoqladi. Bu haqda IIV Tergov departamenti xabar berdi.
Voqea 22-aprel kuni soat 16:20 larda yuz bergan. 19 yoshli A.O. Farg‘ona shahri Yangi asr ko‘chasida yashovchi tanishining oldiga kelganida, uning yo‘lini mast holatdagi 48 yoshli S.A. va 44 yoshli N.T. to‘sgan va qurilishi yakunlanmagan binoga olib kirib, spirtli ichimlik olib kelishga majburlab, haqoratli so‘zlar bilan mazax qilgan.
Yigit yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan ularga jarohat yetkazgan.
Holat yuzasidan Farg‘ona shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Jizzaxda mast erkak ayoli va singlisini haqorat qilgan do‘stini tayoq bilan urib, o‘ldirib qo‘ygani, Andijonda 68 yoshli erkak do‘sti bilan janjallashib, uni pichoqlab o‘ldirgani, Samarqandda kuyov qaynatasini pichoqlagani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)