Britaniyaning Cable.co.uk portali ma’lumotlariga ko‘ra, mobil internet narxi arzonligi bo‘yicha O‘zbekiston 230 mamlakat orasida 21-o‘rinni egalladi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi.
Reytingni tuzishda barcha aloqa operatorlarining ma’lum xizmati uchun narxlari, ushbu holatda 1 gigabayt mobil internet trafik narxlari haqida ma’lumotlar olinib, ularning o‘rtacha qiymati (mediana) belgilanadi. Tahlil uchun asosan internet xizmatidan foydalanish uchun mo‘ljallangan tarif rejalar va xizmatlar haqida ma’lumotlar olingan.
Reytingga ko‘ra, O‘zbekiston bir yil davomida ko‘rsatkichlarini 33 pog‘onaga yaxshilab olgan — mamlakatda 1 gigabayt mobil internet narxi o‘rtacha narxi 0,6 dollar deya qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, 2020-fevral oyida ushbu saytda O‘zbekistonda 1 gigabayt mobil internet narxi 1,34 AQSh dollarini, ya’ni 14 050 so‘mni tashkil etgan. Mobil internet narxi arzonligi bo‘yicha ro‘yxatda O‘zbekiston 54-o‘rinni egallaganini ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning dekabrida O‘zbekistondagi 12 246 ta aholi yashash maskanlarining 56,8 foizida 3G, 95,5 foizida 4G aloqasi mavjud emasligi aniqlangan.
Izoh (0)