Braziliyada 21-aprel, chorshanba kuni dunyodagi eng yirik qurol sotuvchilardan biri Joau Filipe Barbiyeru hibsga olindi. Bu haqda O Globo nashriga tayanib “Lenta.ru” xabar berdi.
Jinoyatchini Braziliya politsiyasining maxsus bo‘linmasi bo‘lgan Polinter xizmati agentlari qo‘lga oldi. Barbiyeru Rio-de-Janeyroda joylashgan Niteroy shahridagi onasining uyiga berkingan edi. Ta’kidlanishicha, Barbiyeru u yerga qurol sotib oluvchilarning qarzlarini undirishga va qurol ta’minotini qayta tiklashga borgan. Avvalroq politsiya uning sherigi Joau Viktor Rozni qo‘lga olgan edi.
Jinoyatchilar bir necha oydan buyon qidiruvda edi. 2020-yilning 18-noyabr kuni Barbiyeru sherigi bilan ozod etilish haqidagi hujjatni soxtalashtirib, Bangu qamoqxonasidan qochib ketgan edi. To‘rt oy o‘tgach ularning jinoyati oshkor bo‘lgan va bu ishga aloqador barcha huquqshunoslar hibsga olinib, jinoyat ishi ochilgan.
2017-yil Barbiyeru noqonuniy qurol savdosi bilan shug‘ullangani uchun 27 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Federal politsiyaning tergov ma’lumotlariga ko‘ra, uning to‘dasi Braziliyaga minglab o‘qotar qurollar olib kirgan va hovuz isitgichlarning ichiga yashirgan.
Joau yirik jinoiy to‘da yetakchisi Federiko Barbiyeruning asrab olgan o‘g‘li hisoblanadi. Katta miqdordagi kontrabandalar sababli jinoiy davralarda uni “qurollar hukmdori” deb ataydi. Hozir Federiko AQSh qamoqxonasida jazo muddatini o‘tayapti.
Avvalroq Italiyaning Kalabriya provinsiyasidagi Ndrangeta mafiya guruhining eng ko‘p qidirilayotgan boshliqlaridan biri Barselonada hibsga olingani, yanvar oyida esa Italiyaning Lametsiya-Terme shahrida Ndrangeta mafiyasi a’zolarining so‘nggi 30 yil ichidagi eng yirik sud jarayoni boshlangani, fevral oyiga kelib Italiya huquq-tartibot xodimlari tomonidan o‘tkazilgan ikkita maxsus operatsiya davomida mamlakatdagi eng qudratli Ndrangeta mafiyasining jami 45 nafar a’zosi hibsga olingani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)