O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov 16-aprel kuni 58 yoshida vafot etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Mirza Azizovning rafiqasi Tojibar Azizova ham hozirda koronavirusdan davolanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

“Qodirxon” serialida Mirza Azizov bilan birga rol ijro etgan aktrisa Zarnigor G‘aniyeva Tojibar Azizovaning sog‘lig‘i haqidagi turli mish-mishlarga oydinlik kiritdi.

Aktrisa bu haqida You Tube’dagi YashinTV kanaliga bergan intervyusida gapirib berdi.

Xonadonlariga bordik. Mirza akaning qizlari bor ekan, juda ham o‘zlariga o‘xsharkanlar. Menga qarab turdilar, ochig‘i xijolat bo‘ldim, chunki ‘Qodirxon’ serialidagi rolimni ko‘rib, balki meni yomon ko‘rib qolgandirlar, deb o‘yladim. Keyin qo‘limga qo‘lmunchoq taqib qo‘ydilar va yaxshi ko‘rgan odamimga munchoq beraman, dedilar. Dadam bilan ‘Qodirxon’ serialida juda yaxshi rol o‘ynagansiz, dedilar.

Tojibar opamning sog‘liqlari juda ham yaxshi. Oilada bir insonda koronavirus aniqlansa, hamma kasalxonaga yotqiziladi. Tojibar opaning sog‘lig‘i borasida turli mish-mishlar chiqdi. Sog‘liqlari yaxshi. To‘g‘ri, ular sindi, chunki suyangan tog‘ini yo‘qotdi, ularga hozir juda qiyin, ammo odamlar aytganchalik koronavirusdan ahvoli og‘irlashib qolibdi, degan gaplar yolg‘on.

Alloh rahmatiga olsin, ilohim. Oila a’zolariga hamdardlik bildirib qolaman.

Zarnigor G‘aniyeva, aktrisa, xonanda