Polsha Varshavadagi uch nafar rossiyalik diplomatni persona non grata (xush ko‘rilmagan inson) deb e’lon qildi, ular mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: “TASS”

Diplomatik bo‘limning xabar berishicha, 15-aprel kuni Rossiyaning Polshadagi elchisi Sergey Andreyev Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan, u yerda elchiga Rossiyaning Varshavadagi elchixonasining uch nafar xodimini persona non grata deb tan olish to‘g‘risidagi ma’lumotlar yozilgan nota taqdim etilgan. Ularning ismlari hali e’lon qilinmagan.

“Bunday qaror qabul qilish uchun ushbu shaxslar tomonidan diplomat maqomi shartlarining buzilishi va o‘z faoliyati bilan Polshaga zarar yetkazishi asos bo‘ldi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Shu bilan birga, Polsha Tashqi ishlar vazirligi Varshava AQSh rasmiylari tomonidan qabul qilingan qarorlarga xayrixohligini aytdi. Gap Vashington tomonidan Moskvaga qarshi yangi sanksiyalarning kiritilishi haqida ketmoqda. “Birgalikda qabul qilingan, kelishilgan ittifoq qarorlari Rossiyaning dushmanlik harakatlariga eng munosib javobdir”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ham Rossiyaning “zararli harakatlari” munosabati bilan Londondagi Rossiya elchisini chaqirtirdi.

Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida aytilishicha, Buyuk Britaniya AQShning “Rossiyaning dushmanlik xatti-harakatlarini davom ettirishi” borasidagi xavotirlariga qo‘shiladi.

Unda aytilishicha, Rossiya tashqi razvedka xizmati bir qator kiberhujumlar xususan, dunyodagi bir necha yuz tashkilotlariga va shuningdek, AQSh hukumat idoralariga ta’sir ko‘rsatgan SolarWinds dasturiy ta’minotining buzib kirilishi ortida turgan. “Rossiyaning butun dunyo bo‘ylab zararli xatti-harakatlari modeli — kiberkosmosdagi harakatlar, saylovlarga aralashish yoki razvedka xizmatlarining tajovuzkor operatsiyalari — Rossiya Buyuk Britaniyaning milliy va jamoaviy xavfsizligi uchun eng jiddiy tahdid bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda”, — deyiladi vazirlik veb-saytida.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab Buyuk Britaniya sheriklari bilan birgalikda noqonuniy harakatlarni aniqlashda davom etishini aytdi. “Rossiya bizning demokratiyamizga putur yetkazish uchun nimalar qilayotganini ko‘rib turibmiz. Buyuk Britaniya va AQSh Rossiyaning zararli xatti-harakatlarini ochiq oshkor qiladi, shu orqali xalqaro hamkorlarimiz va kompaniyalarimiz o‘zlarini yaxshiroq himoya qilishi va bunday harakatlarga tayyorlanishi mumkin bo‘ladi”, — deydi Britaniya Tashqi ishlar vazirligi.

O‘z navbatida NATO ham AQShning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.

“NATOga a’zo davlatlar Ittifoqning jamoaviy xavfsizligini mustahkamlash uchun individual va jamoaviy tarzda choralar ko‘rmoqda”, — deyiladi alyans bayonotida. Ta’kidlanishicha, alyans Rossiyaning xususan Ukraina va Gruziyaga nisbatan harakatlarida beqarorlashtiruvchi siyosat davom etayotganini ko‘rmoqda.

Shuningdek, NATO “Rossiya tomonidan ko‘plab xalqaro majburiyatlar va kelishuvlar, xususan Budapesht memorandumining muntazam ravishda buzilishi, bajarilmasligi va chetlab o‘tilishi”ga ishora qildi. Alyans Rossiyaning beqarorlashtiruvchi harakatlariga misol sifatida uning NATOdagi saylovlarga, shu jumladan AQShdagi prezident saylovlariga aralashishga urinishlarni, “keng ko‘lamli dezinformatsiya kampaniyalari va zararli kiber faoliyatini” sanab o‘tdi.

“AQSh va boshqa ittifoqchilarning baholariga ko‘ra, mavjud barcha dalillar Rossiya Federatsiyasining SolarWinds xakerligi uchun javobgarligini ko‘rsatmoqda. Biz AQSh bilan yakdilmiz”, — dedi NATO rasmiylari.

Shunday qilib, alyans Rossiyani Yevro-Atlantika xavfsizligiga tahdid deb bilmoqda va Moskvani “beqarorlashtiruvchi xatti-harakatlarni darhol tugatishga va ittifoqchilar singari o‘z majburiyatlarini xususan qurol nazorati, qurolsizlantirish va qurolni tarqatmaslik shartlarini bajarishga chaqirdi”. NATO Rossiyadan provokatsiyalarni to‘xtatishni hamda Ukraina bilan chegaradagi va Qrimdagi keskinlikni darhol pasaytirishni talab qildi.

“Shu bilan birga, NATO hanuzgacha davriy, mazmunli va maqsadga muvofiq muloqot uchun, shuningdek Rossiyaning xatti-harakatlari imkon bergan taqdirda, Rossiya bilan konstruktiv munosabatlar uchun ochiqdir”, — deb ta’kidladi tashkilot. Xulosa qilib, alyans Rossiya tomoni Rossiya-NATO Kengashi majlisini o‘tkazish taklifini “e’tiborsiz qoldirishda” davom etayotganidan afsus bildirdi.

“RBK” xabariga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Baydenning rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi AQSh hukumati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etganiga qaramay amalda qolmoqda. Bu haqda Oq uy vakili Jen Psaki ma’lum qilgan.

“Uchrashuv taklifi amalda qoladi. Biz bu uchrashuv oldindan aytib bo‘ladigan munosabatlarni o‘rnatish uchun yaxshi qadam va davomli yo‘l bo‘ladi, deb ishonishda davom etamiz”, — dedi Psaki.

13-aprel kuni Putin va Bayden o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tgan edi, unda AQSh prezidenti Putin bilan shaxsan uchrashishni va Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni muhokama qilishni taklif qildi. Keyinchalik Psaki Putin va Bayden o‘rtasidagi uchrashuv yaqin oylarda bo‘lib o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi.