Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining sudyasi xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida zo‘ravonlikka uchradi, deb xabar beradi Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 13-aprel kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining sudyasi (ayol) Farg‘ona tumani “Ilg‘or” MFY Saxovat ko‘chasidagi nizoli xonadonga ekspert bilan borgan. Holatni joyida o‘rganayotgan sudyaga fuqarolik ishiga aloqador bo‘lmagan M.N. ismli shaxs jismoiy kuch ishlatib, qo‘lidagi shaxsiy mobil telefonini tortib olgan va yerga urib qasddan sindirgan. Shuningdek, u jamoat joyida sudyani uning qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqoratlagan.
“Fuqaro M.N.ning bunday g‘ariqonuniy va g‘ayriaxloqiy xatti-harakatlari nizoli ish bo‘yicha tayinlangan ekspertiza o‘tkazilmay qolishiga olib keladi. Mazkur holat bo‘yicha Sudyalar oliy kengashi vakolati doirasida kerakli choralarni ko‘rdi. Voqelik huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘rganilmoqda. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi”, – deyiladi bayonotda.
Avvalroq Andijonda sud raisi sudyalik odob-axloqini buzgani uchun ishdan olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)