Dunyoda diabetdan aziyat chekayotganlar soni oxirgi 40 yilda to‘rt barobarga ko‘paydi. Shifoxonalarda koronavirusdan davolanayotgan og‘ir ahvoldagi bemorlarning katta qismi diabet bilan og‘riydi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilot (JSST) rahbari Tedros Gebreyesusga tayanib “Korrespondent.net” xabar berdi.
“Qandli diabet bilan kurashish uchun shoshilinch choralar ko‘rish zarurati har qachongidan ham aniqroq. Oxirgi 40 yilda qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar soni to‘rt barobarga ko‘paydi. Bu bevaqt o‘lim xavfi kamayish o‘rniga ortib boraveradigan yuqumli bo‘lmagan yagona jiddiy kasallikdir. Shifoxonalarda koronavirusdan davolanayotgan og‘ir ahvoldagi bemorlarning katta qismi ham diabetdan aziyat chekmoqda”, — dedi Gebreyesus.
Uning qo‘shimcha qilishicha, aholining kasallikni erta tashxis qilish va dori-darmonlarga ega bo‘lish imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rilishi lozim. Dori-darmon tanqisligi, ayniqsa, kam va o‘rta daromadli mamlakatlarda yashovchi odamlar orasida ko‘p kuzatiladi. Tashkilot rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatlarda diabet bilan kasallanganlardan ko‘pchiligining glyukometrlar va chiziq testlarini sotib olishga qurbi yetmaydi.
14-aprel insulin kashf qilinganining 100 yilligi munosabati bilan JSST diabetga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro shartnomani taqdim etishga tayyorlanyapti. Ushbu shartnoma “diabetga chalinganlarning hayotini saqlab qoluvchi dori-darmonlarga ega bo‘lish, shuningdek, diabetning oldini olish va uning diagnostikasini yaxshilash”ga yordam berishi kerak.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanish holatlari ketma-ket 7 haftadan buyon ko‘paydi. Kasallanish holatlarining keskin ko‘payishi fevral oyining o‘rtalarida sodir bo‘lgan. 16-fevralda kunlik pasayish 33,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 17-fevral kuni 58,75 foiz o‘sish kuzatilgan.
Mavzuga doir:
Izoh (0)