Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT)ning amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Kristin Linde 13-aprel kuni ikki kunlik tashrif bilan O‘zbekistonga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tashrif dasturida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Tashqi ishlar vazirligida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Uchrashuvlarda YXHT doirasidagi o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari hamda O‘zbekiston—Shvetsiya aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilinishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosari — davlati rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Ann Kristin Linde Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham qabul qilinadi.
“O‘zbekiston bilan Shvetsiya o‘rtasida barcha sohalarda konstruktiv muloqot va o‘zaro manfaatli munosabatlar mustahkamlanib kelmoqda. Bu aloqalar, ayniqsa, so‘nggi yillarda faollashib, 2020-yil noyabrda va 2021-yil fevralda siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Ann Kristin Lindening tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taradi”, — degan edi Sherzod Asadov.
Izoh (0)