Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida 102 yoshga kirgan onaxon koronavirusga qarshi emlandi, deb xabar beradi SSV matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Suymaxol Zulimova 1919-yilda tug‘ilgan bo‘lib, tumanning “Oqar” MFY Bahor ko‘chasida yashaydi.
“Bolam, jon shirin ekan, mana, men 102 yoshga kirib emlandim. Shifokorlar doim holimdan xabar olib turadi. Nojo‘ya ta’sirini sezmadim. Ilohim, yurtimiz doim tinch, yurtboshimiz omon bo‘lsin. Bu balo-yu ofatlardan tezroq xalos bo‘laylik”, — deydi Suymaxol momo.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 13-aprel holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 256 958 nafarga yetdi. Ularning 14 mingdan ortig‘i Jizzax viloyati hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Avvalroq qashqadaryolik 91 yoshli onaxon koronavirusga qarshi emlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)