Prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi Sherzod Asadov 9-aprel, juma kuni o‘tkazilgan brifingda hafta davomida davlat rahbari qatnashgan uchrashuvlar haqida press-relizlarda aytilmagan qo‘shimcha tafsilotlarni qayd etdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
“5-aprel kuni Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Eron – bizning an’anaviy sherigimiz, katta iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega davlat. Keyingi yillarda ikki tomonlama aloqalar faollashdi. 2019-yildan Eron uchun soddalashtirilgan viza tizimi joriy qilindi.
Uchrashuvda 2020-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo 250 million dollarni tashkil etgani, qo‘shma korxonalar soni 3 barobar ortgani, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika kabi sohalarda umumiy qiymati 61 million dollarlik qator yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi. Darvoqe, xavfsizlik kengashlari o‘rtasida ilk maslahatlashuv mexanizmi o‘rnatildi.
Vazir Zarif 15-16-iyul kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishini tasdiqladi”, — dedi Prezident matbuot kotibi.
Izoh (0)