Quyida nomi keltirilgan mahsulotlarni idish tagida kam qolganiga ko‘zingiz tushsa, darhol tashlab yuborishga shoshilmang. Buning o‘rniga boshqa mahsulotlar qo‘shib, mazali sous, nonushta yoki ichimlik tayyorlang.

Foto: “Domashniy Ochag”

Xantal

Bankadan qolgan xantal qoldig‘idan salat uchun mazali aralashma tayyorlash mumkin. Mayda to‘g‘ralgan piyoz, bir choy qoshiq sirka va ikki qoshiq yog‘ qo‘shing. Qopqog‘ini yopib, yaxshi aralashishi uchun silkiting.

Shokoladli pasta

Tagida ozgina qolgan shokolad yoki yong‘oqli pasta idishiga issiq sut soling. Yaxshilab aralashtiring va qarabsizki, shokoladli kokteyl tayyor.

Yogurt

Shirin bo‘lmagan yogurt idishiga maydalangan ko‘kat va sarimsoqlarni soling. Ozgina suv qo‘shing va go‘shtli taom uchun sous tayyor.

Jem

Yangi o‘ziga xos sous tayyorlang. Buning uchun mayda to‘g‘ralgan qalampirga, rayhon va jem qo‘shib aralashtiring.

Mayonez

Mayonez istalgan sous uchun asos bo‘lishi mumkin. Qirg‘ichdan chiqarilgan pishloq, limon sharbati va petrushka qo‘shib aralashtiring. Juda ham mazali bo‘ladi.

Bankadagi tuzlangan bodring suvi

Piyoz, sarimsoq, sabzi, qovoqcha va bodring to‘g‘rab, tuzli suvi bor banka ichiga soling.

Yong‘oq yog‘i

Kam qolgan yong‘oq yog‘iga kechasi suli yormasi va issiq sut soling. Tongda esa mazali nonushtaga asal, barra mevalar, kokos yoki shokolad qirindisini qo‘shing.

Salsa sousi

Idish tagida qolgan sousga smetana, yoki tabiiy yogurt qo‘shib, sabzavotli va go‘shtli taomlarga sous sifatida ishlating.

Ketchup

Ketchup qoldig‘idan mashhur va mazali BBQ sousini tayyorlash mumkin. Buning uchun tomatli asosga shirin, tuzli va nordon komponentlar qo‘shing. Qizil murch, asal va guruch sirkasi yanada mazali bo‘lishiga hissa qo‘shadi.