O‘zbekistonda koronavirusga chalingani rasman tan olinganlar soni 84 322 nafarga yetdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 7-aprel kuni mamlakatning 9 ta hududida jami 195 ta kasallanish holati aniqlangan.

Yangi kasallanish holatlarining

  • 4 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida,
  • 2 nafari Andijon viloyatida,
  • 9 nafari Buxoro viloyatida,
  • 18 nafari Samarqand viloyatida,
  • 2 nafari Sirdaryo viloyatida,
  • 3 nafari Farg‘ona viloyatida,
  • 1 nafari Xorazm viloyatida,
  • 24 nafari Toshkent viloyatida,
  • 132 nafari Toshkent shahrida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

SSVning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan bir sutka davomida Buxoroda 7 kishi, Samarqandda 4 kishi, Sirdaryoda 21 kishi, Toshkent viloyatida 18 kishi, Toshkent shahrida esa 129 kishi, respublika bo‘yicha jami 179 kishi COVID-19’dan tuzalgan. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 98 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, 1 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, kasallikdan vafot etganlar soni 634 nafarga yetdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 1454 nafar bemordan 229 nafari og‘ir, 104 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Avvalroq O‘zbekistonda o‘tgan bir sutka ichida 15 mingdan ortiq fuqaro koronavirusga qarshi emlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov 7-aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda koronavirusga qarshi emlanganlarda qanday nojo‘ya ta’sirlar kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Otabekov koronavirus hali ham yoshlar orasida keng tarqalganligini tasdiqladi. Masalan, 6-aprelda 206 ta holat qayd etilgan, shulardan 54 tasi (26,2 foiz) 19 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hisoblanadi. Biroq ushbu ko‘rsatkich Sog‘liqni saqlash vazirligining statistikasidan farq qiladi. Vazirlikning statistikasiga ko‘ra, seshanba kuni koronavirusga chalinish bo‘yicha 192 ta holat qayd etilgan.