Oq uy matbuot kotibi Jennifer Psaki AQShning o‘z ittifoqchilari bilan hamkorlikda Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga qarshi boykot e’lon qilish masalasini muhokama qilmayotganini ta’kidladi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
“Biz ittifoqchilarimiz bilan birgalikda hech qanday boykot masalasini muhokama qilmadik va qilmayapmiz ham”, — dedi Psaki jurnalistlarga.
Uning ta’kidlashicha, masalaga umumiy yondashuvni ishlab chiqish uchun Vashington ittifoqchilari bilan barcha darajalarda muhokamalar o‘tkazmoqda, lekin AQSh o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmoqchi emas.
Avvalroq Davlat departamentining matbuot kotibi Ned Prays jurnalistlarga AQSh o‘z ittifoqchilari va hamkorlari bilan birgalikda 2022-yil Pekinda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlariga qarshi boykot e’lon qilishi haqida ma’lum qildi, lekin keyinroq Prays bu ma’lumotni inkor etdi.
Keyingi qishki Olimpiya o‘yinlarini boykot qilish masalasi AQSh va Xitoy munosabatlarining buzilishi fonida paydo bo‘ldi. Xususan, AQSh hukumati Xitoyni inson huquqlarining buzilishi va uyg‘urlar genotsidida ayblamoqda. Xitoy esa bu ayblovlarni rad etyapti.
Mart oyida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) prezidenti Tomas Bax Xitoy hukumatining uyg‘urlarga bo‘lgan munosabati tufayli 2022-yilda Pekinda o‘tkaziladigan qishki Olimpiya o‘yinlariga qarshi boykot e’lon qilinishini qoraladi. “Siz qaysidir chet davlatlari bilan kelisha olmasangiz, nega buning uchun sizga vatandosh bo‘lgan sportchilar jazolanishi kerak?”, — dedi u matbuot anjumanida.
“Sizlarga faqatgina tarixdan xulosa chiqarishni maslahat berishim mumkin: Olimpiadalarga qarshi e’lon qilingan boykotlar hech qachon natija bermagan”, — deb qo‘shimcha qildi Bax. U AQShning 1980-yilda Afg‘oniston urushi sababli Moskvada o‘tkazilgan Olimpiadaga qarshi e’lon qilgan boykoti haqida eslatib o‘tdi. “Baribir urush 1989-yilda tugagan edi”, — deb ta’kidladi u.
Izoh (0)