Oksford universiteti olimlari bugungi kundagi eng yirik tadqiqotlardan birini o‘tkazib, koronavirusga chalingan insonning ruhiyatida olti oydan so‘ng qanday o‘zgarishlar bo‘lishini aniqladi. Mutaxassislarning xulosasi 6-aprel kuni The Lancet Psychiatry jurnalida chop etilgan, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Foto: Pixabay

Ta’kidlanishicha, tahlil uchun AQShda yashaydigan koronavirusga chalingan 236 mingdan ortiq bemorning elektron tibbiyot kartalaridagi ma’lumotlar o‘rganib chiqilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, koronavirus tasdiqlanganidan keyin olti oy o‘tgach, bemorlarning 33,6 foizida (har uchtadan birida) nevrologik yoki psixiatrik buzilishlar chastotasi aniqlangan, ularning 12,8 foizida bu kabi tashxis birinchi bor qayd etilgan.

Shu bilan birga, bu kabi oqibatlar gripp yoki boshqa respirator infeksiyalarga qaraganda COVID-19’dan keyin ancha keng tarqalgan.

Ruhiy kasalliklarning eng yuqori xavfi, jumladan, insult, intrakranial qon ketish, demensiya va psixologik kasalliklar, infeksiyaning og‘ir shakli kechgan va shifoxonaga yotqizilgan bemorlarda kuzatilgan.

COVID-19 bilan kasallangandan keyingi eng ko‘p uchragan tashxislar — bu tashvishlanish (17 foiz), affekt buzilishi (14 foiz), psixofaol vositalarni haddan ortiq iste’mol qilish bilan bog‘liq dilsiyohlik (7 foiz) va uyqusizlik (5 foiz).