“Sevimli” telekanalining “Xayrli oqshom” ko‘rsatuvida el suygan qiziqchi Mirzabek Xolmedovning yaxshi shoir ham ekanligi haqida hikoya qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, Mirzabek Xolmedov Yulduz Usmonova, Rustam G‘oipov, Muhriddin Xoliqov va Hosila Rahimova kabi mashhur san’atkorlarining xit qo‘shiqlari muallifi hisoblanadi.

Foto: YouTube

“O‘zbekiston havo yo‘llari haqida film suratga olingan. Unda biz Bekzod Muhammadkarimov bilan birga uchuvchilarni o‘ynaganmiz. Amerikaga borib suratga tushganmiz, shu filmda bir so‘z bo‘lardi ko‘pkari haqida. ‘Bos, bos qamchi bos, ot choptir, yigitga mos’ deb rok yo‘nalishida ijro etganmiz. She’rni Hosila Rahimovaga taklif qilganman. Usmon Azim surxoncha shevaga moslab bergan. Shu qo‘shiq keyin mashhur bo‘lib ketdi”, — deya hikoya qiladi Mirzabek Xolmedov.

Shuningdek, Mirzabek Xolmedov Muhriddin Xoliqovning “Ey go‘zal” xit taronasining ham muallifidir. Mirzabek Xolmedov ushbu qo‘shiqni 25-26 yoshlarida to‘ylarda ijro etgan.

“Muhriddin akam qo‘shig‘imni yoqtirib qoldilar. ‘Men aytsam maylimi, deb so‘radilar. Ha, oling, ‘metrika’si bilan sizga, dedim. Muhammad Yusuf konsertlarimizga kelardilar, shu qo‘shiqni eshitib, so‘zlarini kim yozganini so‘radi. Menga odamning qulog‘iga yoquvchi yoqimli so‘zlarni tanlabsan, deb kitoblarini berdilar. Seni hech kim tushunmaydi meningdek, deb yozib berdilar”, — deydi Mirzabek Xolmedov.

Muhriddin Xoliqov Mirzabek Xolmedovning “Qandoq qilay?”, “Xato bo‘ldi”, “Oshiqlar” deb nomlangan she’rlarini ham qo‘shiq qilgan. O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning “Bolajon”, “Yormisiz, zolimmisiz?” kabi qo‘shiqlarining she’rlari muallifi ham Mirzabek Xolmedov hisoblanadi.