Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani Qoratepa qishlog‘ida yashovchi aholi vakillaridan biri G‘ayrat Boboyorovning ma’lumot berishicha, qishloqda paydo bo‘lib, odamlarning 30 boshga yaqin mayda shoxli mollarini bo‘g‘izlab ketgani aytilgan maxluq uning ham uch bosh qo‘yini bo‘g‘izlagan.

Foto: Videodan skrinshot

“2021-yil 25-mart kuni kechasi soat ikki-uchda o‘sha maxluq mening ham uch bosh qo‘yimni bo‘g‘izlab ketgan. Faqatgina mening qo‘ylarimni emas, hammaning qo‘yini bo‘g‘izlab ketyapti. Bu holat besh kun davom etdi. 12—15 bosh qo‘yni yeb bitirdi. Uydan chiqolmay qoldik, hamma qo‘rqib qoldi. Shuning uchun imkoni bo‘lsa, yordam bering. Hozir xalq qo‘liga ilingan narsani olib, o‘zini himoya qilishga tushgan”, — deydi G‘ayrat Boboyorov.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda o‘zini Kasbi tuman Obodonlashtirish boshqarmasining qarovsiz qolgan hayvonlarni yo‘qotish bo‘limidan ekanligini aytgan Jamshid ismli xodim unga notanish bo‘lgan hayvon o‘ligi topilganini aytgan.

“Haqiqatdan ham bizga notanish bo‘lgan hayvon o‘ligi topildi. Uning qanday hayvon ekanligi bizga ham noma’lum hozircha”, — deydi Obodonlashtirish boshqarmasi xodimi ekanligini aytgan Jamshid aka.

Videoda chiqish qilgan aholining aytishicha, tuman hokimligi mas’ullari hamda televideniye jurnalisti ham bor voqeani yashirib, haqiqatni inkor etmoqda.

Foto: Videodan skrinshot

“Biz 20 yildan beri shoqol bilan birga yashaymiz. Shoqol shuncha yil davomida qishloqqa kelib, birovga zarar berganini eshitmaganmiz. Bu maxluq 30 ga yaqin qo‘yni, 20 ta tovuqni yeb ketdi. Mas’ullar esa buni inkor etmoqda”, — deydi aholi vakillari.

“Hamma shoqol deyapti, ammo mening uyimning olida shoqol bor. Lekin shu paytgacha qo‘y-ku qo‘y, birorta tovuqni ham olmagan”, — deydi yana bir fuqaro.

Hududda faoliyat yurituvchi blogerlar bilan suhbatlashgan aholining aytishicha, ushbu qishloqda maxluq chiqib odamlarning moliga zarar berayotgani xabar berilgach, tuman hokimligi mas’ullari buni inkor etgan. Televideniyega intervyu bergan mahalla raisi ham bu yolg‘on deya haqiqatni yashirishga uringan.

“Shundan so‘ng, hamma telefon qilib, Sizlar yolg‘on gapiryapsizlar, Qoratepada maxluq yo‘q, Sizlar qasamxo‘rsizlar deyapti. Mana fakt. Haqiqatni ko‘ringlar”, — deydi yana bir fuqaro o‘lib yotgan hayvonga ishora qilib.

Blogerlar bilan suhbatda yana bir fuqaro mashinasida uyiga qaytayotgan paytda notanish hayvonni uchratganini, o‘sha hayvon o‘ldirilgan hayvonga o‘xshashligini ta’kidlagan. Yana bir fuqaro esa, shunga o‘xshash hayvon uyiga kirganini qo‘shimcha qilgan.

“Odamlar qo‘rqib qoldi. Hatto uyimizdan ham chiqolmay qoldik. Mas’ul tashkilotlar esa bu haqiqatni inkor etib, yordam berishdan bosh tortmoqda”, — deydi qishloq aholisi.

Tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimi ekanligini aytgan Jamshid ismli mas’ul qishloq ahli o‘zini va molini himoya qilish uchun qo‘liga ketmon, panshaxa ko‘tarib chiqqanini aytadi va o‘lik holda topilgan hayvon qishloq odamlari tomonidan o‘ldirilganini ta’kidlaydi.

Qishloq aholining aytishicha, televideniyega intervyu berib, odamlar aytayotgan gap xato ekanligini, ular shunchaki vahima ko‘tarayotganini aytgan MFY raisi notanish hayvon odamlar tomonidan o‘ldirilgach, ular chaqirsa-da voqea joyiga kelmagan.

“Mahalla raisi televideniyega intervyu berib, bizni yolg‘onchilikda aybladi. Shu sabab biz bu hayvonni o‘ldirib, raisni haqiqatni ko‘rsin deb chaqirdik, ammo rais kelmadi”, — dedi odamlar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kasbi tumanining Qoratepa qishlog‘ida noma’lum maxluq paydo bo‘lib, odamlarning 30 boshlab qo‘yini bo‘g‘izlab ketayotgani xabar berilgandi. Biroz o‘tib, tuman hokimligi mazkur xabarni rad etib, internetda tarqalgan rasm va videolar asossiz degandi.