Taniqli bloger Guseyn Gasanovga tegishli qizil Mercedes-Benz Gelandewagen o‘g‘irlab ketildi va yoqib yuborildi. Bu haqda Gasanov o‘zining Instagram’dagi sahifasida ma’lum qilgan, deb yozadi So Many Horses nashri.

Foto: So Many Horses

Avvaliga Gasanov kimdir avtomobilini o‘g‘irlab ketganini e’lon qilgan, keyinroq esa blogerga noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq qilgan shaxs undan 5 million rubl miqdorida pul talab qilgan. Guseyn kelishuvga rozi bo‘lmaganini Instagram’ga yozgan va obunachilaridan yordam so‘ragan. Shundan so‘ng mashina o‘g‘risi blogerga mashinaning ustiga benzin sepayotgani va Gelandewagen’ni yoqib yuborishi tasvirlangan videoni jo‘natgan. Jinoyatchi shu bilan birga, yo‘ltanlamas qayerda joylashgani ko‘rsatilgan geomanzilni ham yuborgan.

Foto: So Many Horses

Bloger bu hazil bo‘lishiga umid qilgan, biroq o‘z avtomobilining sozligiga ishonch qilish uchun belgilangan manzil bo‘yicha o‘rmonga borgan. Ko‘rsatilgan joyga yetib kelgan Gasanov uzoqdan qizil avtomobil yonayotganini ko‘rgan. Bloger mashinasi oldiga yugurib borib, bir necha qadam qolganida to‘xtab qolgan: “Axir bu ‘Gelik’ emas-ku!”.

Foto: So Many Horses

Ma’lum bo‘lishicha, Gasanovning do‘sti — avtobloger Dima Gordey u bilan hazillashmoqchi bo‘lgan. Qizil Gelandewagen o‘rniga qizil rangli oddiy “UAZ-469B” yoqib yuborilgan. Ikkala blogerning ham ta’kidlashicha, ma’lum bir masofadan qaralganida avtomobillar rostan ham bir-biriga juda o‘xshash — kvadrat kuzov va yumaloq faralar. Prank ma’lum bo‘lgach, Guseyn omborga, o‘zining yo‘ltanlamasi yoniga olib borilgan. Gasanov Gordeyga o‘ziga xos syurpriz tayyorlashga va’da bergan.

Foto: So Many Horses

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning oktabrida rossiyalik bloger o‘zining Mercedes’ini yoqib yuborib, uni videoga olgandi.