Iroq qurolli kuchlari IShID yetakchilaridan biri — “Dajla amiri”ni qo‘lga oldi. Bu haqda general-leytenant Yahyo Rasul o‘zining Twitter sahifasida xabar bergan.

Foto: EPA

Xabarga ko‘ra, harbiylar terrorchi joylashgan joyini aniqlagan va unga pistirma qo‘ygan.

“Terrorizmga qarshi kurash bo‘limining qahramonlari sababli yangi ‘Dajla amiri’ni qo‘lga oldik”, — deya ta’kidlagan general Rasul.

Shuningdek, razvedka xodimlari uchta mototsikl va jangarilar tomonidan egallangan tunnelni yo‘q qilgan. Terrorchilik tashkilotining yangi rahbarining qo‘lga olingani haqida boshqa tafsilotlar berilmagan.

Avvalroq Iroqda AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya tomonidan amalga oshirilgan aviazarba oqibatida ham IShID terrorchilik tashkilotining rahbarlaridan biri o‘ldirilgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Abu Yasir nomi bilan tanilgan Jabbor Salmon Ali Farxon al-Issauiy 27-yanvar kuni Kirkuk shahri yaqinida yo‘q qilingan. Shuningdek xabarda yana to‘qqiz nafar IShID jangarisi o‘ldirilgani aytilgan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.