“Real” himoyachisi Serxio Ramos yana jarohat oldi. Bu haqda madridliklar klubi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Madridliklar matbuot xizmatining xabar qilishicha, 35 yoshli futbolchi boldir mushaklarini shikastlab olgan.
Jurnalist Xose Luis Sanchesga ko‘ra, himoyachi bir oy maydonga tusha olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Ramos yanvar oyida jiddiy jarohat olgan va fevralda operatsiya qilingandi. Mazkur jarohatdan esa mart oyida xalos bo‘lgandi.
Shu tariqa Ramos Chempionlar Ligasi ¼ finali doirasida “Liverpul”ga qarshi kechadigan ikki o‘yinni ham o‘tkazib yuboradi. Shuningdek, u “Barselona” bilan bo‘ladigan 10-aprel kungi bahsda ham jamoasiga yordam bera olmaydi.
Ramos La Liga 2020/21-yilgi mavsumida 15 ta o‘yin o‘tkazib, ikkita gol urdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)