XX asr boshlarida butun Turkistonda yangi kuchga kira boshlagan jadidchilik harakati o‘lkaning barcha sohadagi ishlarining kelajagini belgilab berdi. Jumladan, yangi adabiyot, publitsistika, siyosat va hokazolar. Davr ushbu yo‘nalishlarning xarakterini aniqlab bergan namoyandalarini ham o‘rtaga chiqardi. Ushbu islohotchilik, ya’ni jadidchilik nomi bilan tarixga kirgan keng qamrovli harakat jamiyatning barcha sohalarini teng qamrab oldi. O‘sha davr ko‘zga tashlangan islohotchi shaxslaridan biri Abdurauf Fitrat (1886 – 1938) bo‘lib, uning faoliyati va ijodi yaqin tariximizning eng porloq sahifalaridan birini tashkil qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jadidshunos olim, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori Zaynobiddin Abdurashidov buyuk mutafakkir hayoti va ijodi haqida s‘oz yuritadi.
Fitrat hayoti va ijodi zamonaviy tadqiqotchilar tomonidan juda keng o‘rganilganiga qaramay, uning ilk faoliyati va tarjimai holi, xususan, Turkiyada o‘tkazgan yillariga oid ko‘p savollar o‘z javobini topgani yo‘q.
Abdurauf Fitrat shubhasiz XX asr birinchi choragi Markaziy Osiyo ziyolilarining eng ko‘zgan ko‘ringan va ta’sir doirasi kuchli bo‘lgan vakillaridan biri hisoblanadi. U yozuvchi, shoir, jurnalist, siyosiy arbob va Turkiston jadidchiligining g‘oyaviy yetakchilaridan biri sifatida tanilgan.
Fitratning ilk hayot yo‘li haqida, ayniqsa 1909-yilgacha bo‘lgan davri borasida biz deyarli hech narsa bilmaymiz. Fitrat ijodi va hayot yo‘lini o‘rgangan barcha tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, u 1886-yili savdogar oilasida dunyoga kelgan. Fitrat an’anaviy boshlang‘ich eski maktabni tugatgandan so‘ng o‘qishini avval Miri Arab madrasasida, so‘ng Buxorodagi yana bir boshqa madrasada davom ettirgan. Buxoro amiri Abdulahadxon saroyida xizmat qilgan Ne’matulloh Muhtaram XX asr boshlarida tuzgan tazkirasida qayd etishicha, Fitrat yosh bo‘lishiga qaramay Buxoro adabiy davralarida yetarli darajada mashhur bo‘lgan. U “Mijmar” (Yoqimli hid tarqatuvchi cho‘g‘don) taxallusi ostida she’rlar yozgan. Ne’matulloh Muhtaram Fitratni Hoji Mulla Abdurauf, deb tilga oladi. Bundan ko‘rinadiki, Fitrat yoshlik chog‘ida haj amalini bajarish uchun sayohatga chiqqan va Sharqda Turkiya, Hindiston, Arabiston hamda markaziy Rossiya – Moskva, Peterburg bo‘ylab sayohat qiladi. Fitrat o‘sha vaqtda haj safarining an’anaviy yo‘li hisoblangan Hindiston orqali emas, balki temir yo‘l bilan Odessa, Turkiya orqali Arabistonga safar qilgan va Hindiston orqali Buxoroga qaytib kelgan.
Fitrat, o‘zi yozishiga qaraganda, dastlab jadidlarga qarshi bo‘lgan va ayrim kishilarning ta’siri ostida unda yangi usul maktabi va umuman, jadidchilikka moyillik, qiziqish paydo bo‘lgan. U buxorolik yoshlarning birinchilari qatorida Turkiyaga o‘qishga ketdi. 1910-1914-yillar davomida Turkiyada tahsil olgan Fitrat Turkistonga anchagina mashhur shaxs sifatida qaytib keldi. Uning 1911-1912-yillarda Istanbulda nashr qilingan “Munozara” va “Bayonoti sayyohi Hindiy” kabi birinchi nasriy asarlari hamda “Sayha” she’riy to‘plami nafaqat Buxoro, balki butun Turkiston jadidlarini yana-da kuchlantirdi. Sadriddin Ayniyning ta’biri bilan aytganda, Fitratning birgina “Munozara”si davr taraqqiyotiga g‘oyat kuchli va samarali ta’sir ko‘rsatdi.
XIX asrning oxirigi choragida Qrimda dunyoga kelgan “usuli jadid” maktablari Rossiya imperiyasining musulmonlar yashaydigan mintaqalarida keng yoyila boshladi. Maktablar Turkistonga ham yoyildi. Lekin bu maktablar dinga zid kelishini da’vo qilgan ulamo qarshiligiga duch keldi. Ayniqsa, bunday qarshilik Buxoroda 1908-yilda ochilgan maktab atrofida juda katta janjalga sabab bo‘ldi. Fitrat ana shu maktab janjali ta’sirida yaratgan “Munozara” asari yangi usul maktablardan musulmon dunyosi shariat yuzasidan foydalanishi mumkinligini isbot eta oldi. Faqat shu asarning bosilib chiqishi tufayligina Buxoroda yangi usul maktablari qayta ochildi va ulardan mulla-mudarrislarning tavqi la’natlari olib tashlandi.
“Munozara”ning markazida buxorlik yoshlar tashkil etgan birinchi “usuli jadid” maktabi va uning atrofida paydo bo‘lgan janjal voqealari turadi. Ushbu maktabning tarixiga qisqacha nazar tashlaymiz. Maktab 1908-yil 5-oktabr kuni Sadriddin Ayniy, Abdulvohid Munzim, Homidxo‘ja Mehriy va Ahmadjon mahdum Hamid (bu ikkisi Ayniyning madrasadosh do‘stlari edi) tarafidan Abdulvohid Munzim hovlisida ochiladi. Oradan deyarli bir yil o‘tib, 1909-yil 6-sentabr kuni maktabda tantanali ochiq imtihon o‘tkaziladi. Buxoroda jadid maktablarini taqiqiga olib kelgan voqealar aynan shu kuni sodir bo‘ldi. Fitrat bu haqda oradan 20 yil o‘tib yozgan bir maqolasida shunday eslaydi:
“1908-yilda (Fitrat bu yerda yilni yanglish ko‘rsatadi, asarning markazida turgan voqealar 1909-yil bo‘lgan edi. Yuqorida bu haqda yozib o‘tildi – A.Z.) yozganim bir asarimda Buxoro amiriga qaratilgan bir xatim bor... (bu xat “Munozara”ning so‘ngida ilova qilingan – A.Z.) Lekin 8-yilda Buxoro xonligida hukm surgan diniy taassubni va shunga tayangan idora usuli... hibs qilish, o‘ldirish, sangsor (toshbo‘ron – A.Z.) qilish kundagi odatlardan edi. U zamonlarda kitob yozishning o‘zi “kofirlik” edi. Men shu vaqtlarda birinchi asarimni yozdim. Buxoroning idora usulini, ta’lim-tarbiya usulini, bir ko‘p rasmiy idoralarni tanqid qildim”.
“Munozara” Istanbulda chop etilganidan keyin Buxoroga turli yo‘llar bilan yashirincha olib kelindi. “Munozara”ning asl forscha matni hatto 1914-yilda ham Rossiya impriyasi hududiga olib kirilishi Peterburgdagi chet el nashrlari senzorligi tarafidan taqiqlandi. “Munozara” Mahmudxo‘ja Behbudiyning yaqin izdoshlaridan bo‘lgan Hoji Muin ibn Shukrulloh tarafidan o‘zbekchaga tarjima qilinib, oldin “Turkiston viloyatining gazeti”ning 1912-yilgi sonlarida, so‘ng 1913-yili kitobcha shaklida Toshkentda bosilib chiqdi. Ushbu asarga birinchi bo‘lib Mahmudxo‘ja Behbudiy, so‘ngra rus olimi V.Andreyevning taqrizlari e’lon qilindi.
Turkiyadan qaytgan Fitrat maktab ishlari bilan shug‘ullanar ekan 1915-1916-yillar davomida qator asarlar ham nashr qildi. Bular “Oila”, “Rahbari najot”, “Qisqacha islom tarixi” va boshqalar. 1920-yillarda Fitratning “Chin sevish”, “Hind ihtilolchilari”, “Abo Muslim” dramalari sahnaga qo‘yildi va o‘z davri adabiy tanqidchilari tarafidan juda iliq kutib olindi. Ayniqsa, uning bu davrdagi ijodi ozodlik tuyg‘ulari bilan to‘lib toshgan edi. Yuqoridagi asarlarning barchasida bir maqsad – millat ozodligi, mustaqillik nashidasi, hurriyat, erkinlik mavzusi ilgari surildi. Bu holat uning she’rlarida yaqqol seziladi. Uning “Mirrix yulduziga” she’rida davrning manzarasi, bolsheviklar siyotsatining tub mohiyati, ular olib borgan siyosat bus-butunligicha ochib berilgan edi.
1917-yildan boshlab Fitrat maorif ishlaridan biroz chekinib, siyosiy faoliyat bilan shug‘ullana boshladi. Buxoro jadidlarining tashabbusi bilan tuzilgan “Yosh buxorolilar” partiyasi sarkotibligi vazifasini bajardi, Samarqandda nashr qilingan “Hurriyat” gazetasida avval faol muallif sifatida qatnashgan bo‘lsa, qisqa vaqt o‘tishi bilan uning bosh muharriri sifatida faoliyat olib bordi.
Fitrat bu davrda Rossiyadagi Muvaqqat hukumat bilan o‘zaro tenglik asosida aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida juda ko‘plab maqolalari bilan siyosiy faoliyatini davom ettirdi. Ammo Fitrat orzu qilgan tenglik, hurriyat orzusi bolsheviklar tomonidan chil parchin qilindi. Shu sabab “bolshevik balosi” bosh ko‘targan 1917-yilning oktabrida sodir bo‘lgan to‘ntarishni “yurt qayg‘usi” sifatida qabul qildi.
1918-yili Toshkentga kelgan Fitrat o‘z atrofiga yoshlarni yig‘ib “Chig‘atoy gurungi”ni tashkil qildi. Bu jamiyat 3 yil faoliyat olib borgan bo‘lishiga qaramay, nafaqat o‘zbek tili va adabiyoti, balki umuman yangi o‘zbek madaniyatining shakllanishi va taraqqiyot tarixni butkul yangi, zamonaviy ilm asosida o‘rganishni boshlab berdi. “Chig‘atoy gurungi” yangi O‘zbekiston tarixidagi mahalliy ziyolilar tarafidan tuzilgan birinchi ilmiy tadqiqot jamiyati sifatida tarixga kirdi. Ayni shu jamiyat hozirgi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining ham tamal toshini qo‘ydi. Gurung a’zolari tomonidan qator ilmiy risolalar, ayniqsa, til, imlo masalasiga oid nashrlar e’lon qilindi.
1920-1923-yillar davomida yangi tuzilgan Buxoro hukumati tarkibida turli yuqori lavozimlarda ishlagan Fitrat turli siyosiy ayblovlar bilan ishdan bo‘shatildi va Moskvadagi “Jonli sharq tillari” institutiga yuborildi. Shu davrdan boshlab Fitrat umrining oxiriga qadar faqat ilmiy izlanishlar bilan mashg‘ul bo‘ldi.
Fitratning adabiy asarlari, xususan, uning dramaturg sifatidagi faoliyati zamondoshlari tomonidan yakdillik bilan e’tirof etildi. 1916-1930-yillar oralig‘ida u o‘ndan ortiq dramalar yozdi. Ayniqsa, 1920-yillarda yozgan “O‘g‘uzxon”, “Chin sevish”, “Hind ihtilolchilari”, “Abulfayzxon” kabi dramalari katta shuhrat qozondi. “Chin sevish” dramasida biz oldingi Fitrat, ya’ni g‘arb ilm-fanini o‘rganishga bo‘lgan targ‘ibotning boshqa bir darajaga o‘tgani, ya’ni siyosiy jihatdan yetuklikka erishgan Fitratni ko‘ramiz. U asar qahramoni Karimbaxsh tilidan bu kabi g‘oyalarini quyidagicha ifodasini kuzatish mumkin: “Ovrupo ishlarini o‘rganmak albatta kerakdir. Ovrupoda o‘qimoq oprupolilarni insofli, adolatli deb maqtamoq uchun emas, ulardan o‘zimizni saqlamoq, tishli-tirnoqli bo‘lish uchun kerakdir.”
Fitrat bundan biroz avvalroq yozilgan “Sharq siyosati” nomli maqolasida G‘arbga bo‘lgan munosabatini, uning haqiqiy siyosati nimada ekanligini ochib tashlagan edi. Bir vaqtlar “Sharqg‘a madaniyat maktablari, insoniyat madrasalari ocharmiz” degan bahona bilan Turkistonni qonga botirib, uning yuzini toptagan bosqinchi “jahongirlari fohishaxona va mayxonadan boshqa bir narsa” olib kelmadi. Fitrat shu o‘rinda o‘ziga o‘zi savol beradi: “Ajabo, Ovrupa jahongirlari bu ishlarini bilibmi qildilar, bilmasdanmi qildilar?” Javobi esa “Albatta, bilib qildilar, jo‘rttaga qildilar”. Fitrat maqolasida mustamlakachilarning asosiy maqsadlari qo‘l ostiga olingan mazlum xalqqa “madaniyat berish”, “maorif tarqatish”, “taraqqiy etdurmak” emas, “turli fohishaxonalar, mayxonalar ochib, bizning axloqimizni buzmoq” va oxir oqibatda “bizni ishdan chiqarmoq va o‘z qo‘llarig‘a muhtoj qilib qo‘ymoqdir”. Fitrat bu fikrlarni yozar ekan, siyosiy jihatdan ancha yetishgan, xalqni haqiqiy ahvoldan boxabar qilish uchun hech narsadan tap tortmay fikr yuritadigan shaxs sifatida ko‘rinadi.
Mantiqan olib qaraganda “Hind ihtilolchilari”ni “Chin sevish”ning davomi deyish mumkin. Lekin ular ayri ikki asar. “Hind ihtilolchilari”da Fitratning ona Vatanga bo‘lgan muhabbati, uning erki uchun hamma narsaga tayyor bo‘lgan “Yurtimizni qutqaramiz. Yashasin istiqlol!”, deb mustabid tuzumga qarshi qo‘zg‘algan isyonkorni ko‘ramiz. Uning 1922-yili nashr etilgan “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamidan joy olgan “O‘gut” she’rida Fitratning yurt erkinligi uchun kurash, bir daqiqa ham hurriyatga erishish maslagidan qaytmaslikka undov juda yaxshi ko‘rinadi.
Fitrat o‘z dramalarida, she’rlarida Sharq, xususan, Hindiston xalqining mustamlakachi inglizlarga qarshi kurashi orqali ona Vatan – Turkistonning tuganmas dardlarini ifoda qildi.
Fitrat tarixiy drama janriga asos soldi. U “Abulfayzxon”, “Abo Muslim” kabi dramalarida tarixga yuzlanar ekan, o‘tmishdagi voqelikning mazmun-mohiyatini tarixiy shaxslar obrazi orqali ularning taqdirlari misolida qayta jonlantirishga hamda ulardan zamon uchun kerakli xulosalar chiqarishga muvaffaq bo‘lgan ijodkordir.
Fitratning hayoti va ijodiy faoliyati tarixning eng qaltis damlarida Millat va Vatanga xizmat qilishning yorqin namunasidir. Yirik jadidshunos olim Begali Qosimovning so‘zlari bilan aytganda, har qanday holda ham xalq bilan birga bo‘lish, uning manfaatini har narsadan ustun qo‘yish, har narsadan muqaddas bilish Fitrat shaxsiyatining eng muhim xususiyatlaridan edi.
Izoh (0)